Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bir qator korxonalarni xususiylashtirish kutilgan natijalarni bermadi» - Prezident qarori
18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori e'lon qilindi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatning mustaqil rivojlanishi davrida mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar doirasida 30 mingdan ortiq davlat obekti, shu jumladan, 6,5 mingta yirik va o‘rta korxona xususiy mulk qilib sotildi. Natijada hozir nodavlat sektoriga yalpi ichki mahsulotning 81 foizidan ko‘prog‘i, sanoat ishlab chiqarishining 94 foizi va barcha band aholining 82 foizidan ziyodi to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bilan birgalikda tanqidiy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, «bir qator korxonalarni xususiylashtirish kutilgan natijalarni bermadi».
«Xususan, respublika mintaqalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ishlarining borishi bilan tanishish natijalari xususiylashtirilgan korxonalarning mulkdorlari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani va korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shug‘ullanmayotgani, ixtisoslashgan ishlab chiqarishlarni tiklamayotganligi va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining raqobatdoshligini ta'minlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etmayotganligini ko‘rsatmoqda. Mazkur holatlar Toshkent shahrida avval xususiylashtirilgan “Rele va avtomatika”, “Algoritm” zavodlari, Samarqand shahridagi “Qizil dvigatel” va Liftsozlik zavodlari, G‘ijduvon ip yigiruv fabrikasi, Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi parranda fabrikasi, Termiz shahridagi “16-sonli g‘isht zavodi” va boshqa ko‘plab obektlar misolida ko‘rinib turibdi», deyilgan hujjat matnida.
O‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, avval xususiylashtirilgan korxonalar negizida 2 mingdan ortiq past rentabelli va zarar ko‘rayotgan kam quvvatli xo‘jalik sub'yekti, shu jumladan, mingdan ortiq ishlamayotgan hamda deyarli bo‘sh yotgan obekt, samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalari va ishlab chiqarish xonalari aniqlangan.
«Davlat organlari xususiylashtirilgan korxonalarning asl holatini o‘rganish, ularning ishlab chiqarish faoliyati va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini monitoring qilish, mavjud muammolarni tahlil etish va sabablarini aniqlash, ularni kredit va moddiy resurslar bilan ta'minlashda, muhandislik-ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklashda, ichki va tashqi savdo bozorlarini topishda amaliy ko‘mak berish bilan sust shug‘ullanmoqda», — deya davom etiladi qaror matnida.
«Yuzaga kelgan holat vakolatli organlarning xususiylashtirilgan korxonalarga yondashuvlari, ular bilan ishlash prinsiplari va usullarini tubdan o‘zgartirishni, faoliyat samaradorligini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishlab chiqarishni tiklash va rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatining asoslarini o‘rgatish, shuningdek, xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy manbalarini kengaytirishni talab etadi», — deya qayd etiladi hujjatda.
Qabul qilingan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishdagi muhim vazifa sifatida xususiy mulkning ustuvor rolini kuchaytirish va xususiylashtirilgan obektlar negizida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan.
«Xususiylashtirilgan korxonalarning mavjud ulkan iqtisodiy va ishlab chiqarish salohiyatini hisobga olgan holda ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni jadallashtirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish hisobiga ular iqtisodiy o‘sishning lokomotivi bo‘lib qolishlari kerak. Xususiylashtirilgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yaqin yillarda respublika mintaqalari va butun mamlakatni rivojlantirishda kuchli omil bo‘lishi darkor.
Bularning barchasi xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq masalalarni hal etishni respublika Hukumati va tashkil etilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining g‘oyat muhim vazifalaridan biri etib qo‘ymoqda», — deyiladi qarorda.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha Komissiya tuziladi. Unga mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov rahbar bo‘ladi.
Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining faoliyatini unga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarga muvofiq tashkil etish;
xususiylashtirilgan korxonalarning reyestrini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirish, ular faoliyatining doimiy monitoringi va tahlilini olib borish;
xususiylashtirilgan korxonalarni tiklash va faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish, shuningdek, “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, tijorat banklari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
biznes-rejalar ishlab chiqish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik, menejment, moliya boshqaruvi masalalari va boshqa fanlar bo‘yicha xususiylashtirilgan korxonalar rahbarlari va ishlab chiqarish-texnik xodimlari uchun doimiy faoliyat yuritadigan o‘quv kurslarini tashkil etishga yo‘naltirilgan Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi va uning hududiy filiallarini barpo etish hamda ular faoliyatini samarali tashkillashtirishni ta'minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining kadrlar salohiyatini mustahkamlash, qo‘mita kadrlarini tizimli ravishda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirilishini tashkil etish.
Mavzuga oid
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026
Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi
10:12 / 10.03.2026
Toshkentda Navro‘z munosabati bilan xalq sayillari tashkil etiladi
10:48 / 12.02.2026