Jahon | 08:11 / 18.04.2017
3533
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada militsiya xodimlari soni besh barobarga oshiriladi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro dushanba kuni milliy militsiya xodimlari soni birdaniga besh baravarga ko‘paytirilishi haqida ma'lum qildi. Bu mamlakatda kuzatilayotgan ommaviy noroziliklar fonida yuz beradi.

Venesuelada norozilik namoyishlari 4 apreldan boshlab kuzatilmoqda, ular muxolif milliy assambleya hokimiyatini jiddiy ravishda cheklagan Oliy sud qaroridan so‘ng boshlandi. Qaror keyinchalik bekor qilindi, biroq muxolifat vakillari sud a'zolari iste'foga chiqishini talab qilib, namoyishlarga chiqishdi.

"Men mudofaa vaziriga ushbu yil davomida militsiya sonini 500 ming kishiga ko‘paytirish bo‘yicha rejani tasdiqlab berdim. Har bir militsionerga tegishli ravishda miltiq berilishi lozim", - deya ma'lum qildi Maduro militsiya tashkil topganiga bag‘ishlab tashkil etilgan miting davomida.

Ayni damda Venesuela milliy militsiyasida 100 ming kishi bor. U 2007 yilda Hugo Chaves farmoni bilan milliy qurolli kuchlarga suverenitet va mustaqillikni himoya qilishda yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. 

Huquq himoyachilarining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra esa, Venesuelada norozilik namoyishlari vaqtida huquq-tartibot idoralari bilan to‘qnashuvlar davomida olti kishi halok bo‘ldi, umumiy hisobda 470 inson qo‘lga olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid