Jahon | 14:07
1528
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Venesueladagi narkokartel rahbari o‘ldirilganini e’lon qildi

AQSh hukumati Venesuela sobiq prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olishdan oldin uni aynan «Trend de Aragua» narkokarteli bilan hamkorlik qilishda ayblagandi.

Foto: Videodan kadr

Venesueladagi «Tren de Aragua» narkokarteli rahbari amerikalik harbiylar tomonidan o‘tkazilgan maxsus harbiy amaliyot natijasida o‘ldirildi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.

«Mening buyrug‘imga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning Janubiy qo‘mondonligi Yer yuzidagi eng qonxo‘r terrorchi tashkilotlardan biri bo‘lgan „Trend de Aragua“ yetakchisi Nino Gerreroni qatl etish uchun tezkor va halokatli zarba berdi», – deb yozdi Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning ta’kidlashicha, ushbu narkobaronning o‘ldirilishi «12 yoshli Joselin Nungaray, 22 yoshli Leyken Reyli va boshqa ko‘plab yosh qizlar uchun qasos bo‘lgan».

Nino Gerrero (to‘liq ismi – Ektor Rastenford Gerrero Flores)ni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot Venesuela harbiylari bilan muvofiqlashtirilgan. Venesuela qo‘shma amaliyot o‘tkazilganini tasdiqlagan.

Tramp yashil tomli bino portlashi aks etgan videoni e’lon qildi
Donald Trump/Truth Social

Tramp narkokartellarga qarshi kurash o‘z saylovoldi dasturining asosiy bandlaridan biri bo‘lgani va va’dalarini bajarib, prezidentlikka qaytishi bilan «Trend de Aragua»ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritganini eslatdi.

2009 yilda tashkil etilgan «Trend de Aragua» karteli Venesueladagi eng yirik jinoiy tuzilmalardan biri sanalgan. Bu guruh qotilliklar sodir etish, talonchilik, giyohvand moddalar hamda odam savdosi, pul yuvish, jinsiy ekspluatatsiya va odam o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan. Uning saflarida yetti mingga yaqin a’zosi borligi aytiladi.

«Trend de Aragua» bilan hamkorlik qilish – AQSh hukumati Venesuela sobiq prezidenti Nikolas Maduroga qarshi ilgari surgan ayblov bandlaridan biri bo‘lgandi. 2026 yil yanvarida Amerika maxsus topshiriqli kuchlari mazkur ayblov asosida Venesuelada amaliyot o‘tkazib, Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olgan hamda ularni AQShga olib ketgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid