Fan-texnika | 20:59 / 19.04.2017
15670
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillar uchun soyabon ixtiro qilindi

AQShning Lanmodo startapi All-in-One Wireless Automatic Car Tent deb nomlangan ko‘p vazifali qurilmani taqdim qildi. Vazifasiga ko‘ra, bu avtomobil uchun soyabon bo‘lib, uni shuningdek chodir yoki proyektor uchun ekran sifatida qo‘llash ham mumkin.

Qurilmaning asosiy vazifasi mashinani yog‘ingarchilikdan, ustiga og‘ir narsalar tushishdan va quyoshdan himoyalashdan iborat. Qurilma mashina tomiga katta so‘rg‘ich (prisoska) yordamida o‘rnatiladi, shuningdek eshiklar bilan siqish yoki oynalar korpusi yoki eshiklar ushlagichiga ilib qo‘yish mumkin bo‘lgan mahkamlovchi tasmalar ham ko‘zda tutilgan. 

Masofadan boshqarish pulti yordamida avtomatik tarzda ochiluvchi soyabonning konstruksiyasi mashinaga tegmaydi.

Soyabonni mashinadan alohida ishlatish uchun unga qo‘shimcha ravishda yerga o‘rnatish elementi taklif qilinadi. Shuning evaziga u plyaj soyaboni yoki yomg‘irli ob-havoda tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish mumkin bo‘lgan tentga aylanadi.

Ushbu qurilmaning to‘liq komplekti xarid qilinganda uni katta chodirga aylantirishga yordam beruvchi qo‘shimcha material ham qo‘shib beriladi. Soyabonning ustun qismida yorug‘lik yoki boshqa priborlar uchun quvvatlovchi qurilmani o‘rnatish mumkin. Va nihoyat, soyabonni proyektor uchun ekran sifatida ham qo‘llash mumkin. 

Soyabonning butlanishi va yetkazilishi vaqtiga qarab narxi 200 dollardan 400 dollargachani tashkil qiladi. 

Mavzuga oid