19:52 / 19.04.2017
16063

Buxoroliklarning gaz, suv va elektr borasidagi savollariga yuqori tashkilotlar javob qaytardi

Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi Buxoroga yo‘l olarkan, bu haqda o‘z o‘quvchilarini boxabar etdi. Maqsad viloyatda istiqomat qiluvchi aholining muammolarini o‘rganish, takliflari haqida mutasaddi rahbarlarning fikrini eshitish edi. Ushbu viloyatdan tahririyatimizga kelib tushgan ko‘p sonli murojaatlarning aksar qismini hududdagi toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolar tashkil etdi.

Ushbu murojaatlar viloyat hokimligiga taqdim etildi va tegishli tashkilotlardan ushbu savollar yuzasidan javob olindi.

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan kelgan murojaatda shunday deyiladi: “Salom. Men yashayotgan Shofirkon tumanidagi aksar qishloqlarda gaz va elektr muammosi har doimgidek oqsaydi. Mana, 2008 yildan buyon na gaz ta'minoti va na elektr uzluksizligi ta'minlangan. Buni qarzdorlik bilan bog‘lashadi.Xo‘p, shunday ekan, har bir xonadonga sim kartali hisoblagich o‘rnataylik-da, muammodan qutulaylik. “O‘zbekenergo” esa yetkazib berish sutkalik soati majburiyatini bajarolmasa... Nima qilish kerak axir? Bu yerda iste'molchi huquqlari poymol bo‘lmoqda-ku. 

Gaz masalasi. Pul yig‘di-yig‘dilar jonga tekkan qishloq aholisi undan bir yo‘la voz kechib, gazli ballonlarga o‘tib qo‘ya qoldi. U ham bo‘lsa, oyda bir marta keladi, shunda ham allambalo bahonalar bo‘lmasa. Bunga ham rozi bo‘ldik. Qish mavsumida bundan ellik yillar oldingidek uy ko‘mir, daraxt shoxlari bilan isitilyapti.Faqat va'da berish bilan ish bitmaydi.

Mutasaddilarga bir gramm ham ishonmay qo‘ygan odamlar. Uyni isitish mayliga, bularsiz qanday ishlab chiqarish bo‘ladi, qanday qilib rivojlanish bo‘ladi?”.

Ushbu murojaatga Shofirkon tumani hokimi Sh. Jumayev shunday javob qaytardi: “Elektr ta'minotidagi uzulishlar sababi elektr energiyasini tejash hamda kechki va kunduzgi tig‘iz vaqtlarda elektr energiyasidan unumli foydalanishdir. Cheklash vaqtlari xususida aholi oldindan ogohlantirilmoqda. Ushbu suhbatlar davomida chulg‘amali lampalarni tejamkor diod lampalarga almashtirganda elektr energiyasi taqchilligi kuzatilmasligi va cheklovlar qo‘llanilmasligi tushuntirilmoqda.

Shuningdek, tumanning gaz yetib bormaydigan va tabiiy gazdan uzib qo‘yilgan qishloqlari muntazam ravishda suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta'minlanmoqda”.

Shuningdek, ushbu murojaatga “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bosh muhandisi R. Sharipov quyidagi o‘z javobini bildirib o‘tgan: “Ayni paytda aholining elektr energiyasidan qarzdorligi oldini olish va shu orqali hududda elektr ta'minotining muntazamligini ta'minlash maqsadida 32,3 mln. dollar qiymatidagi investitsiya mablag‘lari evaziga 2017-2018 yillarda viloyatdagi barcha iste'molchilarga ASKUE tizimiga mos keluvchi elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda pilot loyiha doirasida Qorovulbozor tumanida ushbu turdagi hisoblagichlar o‘rnatilmoqda.

Bosqichma-bosqich tarzda viloyatning barcha tumanlarida elektron hisoblagichlar o‘rnatiladi”.

Viloyatning Qorako‘l tumani, “Zarafshon” mahallasi, Zarafshon ko‘chasidan kelib tushgan murojaatda quyidagilar tilga olinadi: “Salom. Ko‘chamizda gaz ta'minoti yaxshi emas - uylar isimaydi. Har xo‘jalikda keksalar,chaqaloqlar bor. Shu bois qishdan chiqish qiyin bo‘lmoqda. Zarafshon ko‘chasida gaz ta'minoti qachon yaxshilanadi?”.

Ushbu murojaatga G‘arbgazta'minot unitar korxonasi direktori v.b. N.Amonov quyidagicha javob qaytargan: “Qorako‘l tumani “Zarafshon” MFY, Zarafshon ko‘chasi doimiy ravishda tabiiy gaz bilan ta'minlanib kelinmoqda.

Murojaat muallifi ism-sharifi va telefon raqamini ko‘rsatmaganligi sababli ushbu murojaatni to‘liq o‘rganish imkoni bo‘lmadi”.

Kogon tumanidan tushgan murojaat: “Salom. Ushbu xat orqali sizdan shuni iltimos qilib so‘rayman. Men Kogon tumanidagi Dexcha afg‘onda qurilgan namunali uy joylarda istiqomat qilaman. Mana 3 yil ham bo‘ldi ko‘chib kelganimizga. Kelganimizdan beri gaz maromlash punkti ishlamaydi. Yaroqsiz ahvolda yotibdi. Kechqurunlari gaz bosim ko‘tarilib ketadi. Kogon gaz korxonasi xodimlariga bir necha bor murojaat qildim, foydasi bo‘lmayapti. Ko‘chadagilardan pul tersangizlar yangi olib qo‘yib berishlari mumkin ekan. O‘zlari shu ahvolda qabul qilib olgandan keyin biror chorasini ko‘rishsin. Shu masalada yordam berishingizni so‘raymiz”.

Bu masala yuzasidan G‘arbgazta'minot unitar korxonasi direktori v.b. N.Amonov quyidagicha javob qaytardi: “Kogongaz” filiali mutaxassislari tomonidan murojaatda qayd etilgan gaz maromlash punktida reja-sozlash ishlari olib borildi.

Ayni paytda hudud aholisiga tabiiy gaz ta'minoti me'yorida berib borilmoqda”.

Qorako‘l tumanidan kelgan yana bir murojaatda shunday deyiladi: “Assalomu alaykum. Qorako‘l tumani, Kuvvacha qishlog‘iga toza ichimlik suv qachon olib kelinadi? 

Ikkinchi savol: qishlog‘imizdagi kanal ta'mir talab bo‘lib qolgan. U yer qachon ta'mir qilinishi to‘g‘risida ma'lumot bersangiz?”.

Ushbu murojaatning toza ichimlik suvi bilan bog‘liq masalasiga Qorako‘l tumani hokimi H.G‘oyirov quyidagicha javob berdi: “Buxoro viloyat Olot va Qorako‘l tumanlarining ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha 2018 yilning noyabr oyigacha tumanning barcha hududiga, shu jumladan, Quvvacha QFYga ham quvur orqali toza ichimlik suvi yetkaziladi.

Bu borada “Do‘stlik” MFY hududida ulkan suv inshooti barpo etilmoqda.

Ayni paytda ushbu qishloqqa ichimlik suvi tashish yo‘li bilan keltirilmoqda”.

Kanal bilan bog‘liq masalaga esa Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i A.Ro‘ziyev quyidagi tartibda javob berdi: “Qorako‘l tumanidagi “Yangiobod” kanali 2018 yilda, “Jig‘achi-1” kanali 2020 yilda rekonstruksiya qilinadi”.

G‘ijduvon tumani, Pozagari QFYda istiqomat qiluvchi fuqarodan kelgan murojaatda quyidagicha yozilgan: “Salom. Mening oilam – 40 yillik mehnat faoliyatiga ega. Otam va 1-guruh nogironiga 30 yildan buyon g‘amxo‘rlik qilib kelayotgan onam yashaydigan hududda qachon insonning birlamchi ehtiyojlari qondiriladi?

Aniqroq aytadigan bo‘lsam, qachon biz to‘laligicha tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta'minlanamiz. Hokim janoblari, oilamiz uchun aniq vaqtni ayta olasizmi? Yana bir bor aytaman - ANIQ VAQTNI! Hozirgi kunda bizda UMUMAN tabiiy gaz yo‘q, elektr energiyasi esa sutkasiga 3-4 soat yetkazib beriladi xolos.

Keyin yana bir savol: Bizni birlamchi ehtiyojlarimizning qondirilmasligi bu bosh Qomusimiz – O‘zbekiston Republikasining Konstitutsiyasining 18-moddasini qo‘pol ravishda buzishga teng emasmi?”.

Murojaatga G‘arbgazta'minot unitar korxonasi direktori v.b. N.Amonov quyidagicha javob qaytargan: “Pozagari QFY G‘ijduvon tumanini tabiiy gaz bilan ta'minlovchi gaz taqsimlash stansiyasidan uzoq masofada joylashganligi sababli mazkur hudud tabiiy gaz tarmog‘idan ajratilib, hozirgi kunda aholi  xonadonlari “G‘ijduvontumangaz” filiali tomonidan muntazam ravishda suyultirilgan gaz bilan ta'minlab kelinmoqda”.

Shuningdek, ushbu murojaatning toza ichimlik suvi bilan bog‘liq holatiga “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bosh muhandisi R.Sharipov ham javob bergan: “Energotizimda yuklanishning keskin oshishi oqibatida elektr quvvati tanqisligi yuzaga kelib, energotizimning ishdan chiqishining oldini olish maqsadida zarurat yuzasidan navbat asosida cheklash ishlari olib borilmoqda.

Havo haroratining oshishi bilan cheklashlar ham to‘xtatiladi”.

Romitan tumanidan kelgan murojaatda quyidagi masala ko‘tarilgan: “Assalomu alaykum. Bundan 10 yil ilgari bizning qishloqda ichimlik suv tarmog‘i kelarkan, degan ovoza tarqaldi hamda yolg‘ondakam trubalar yotqizildi. Ammo bu xo‘jakursinga qilingan ishlar hech qanday ma'nosiz chala tashlab ketildi. Provardida hudud ichimlik suvi bilan ta'minlandi, deb soxta hisobotlar yuqori tashkilotlarga yuborildi. Shundan beri suvni kutamiz, xali o‘zi kelmadi. Yaqinda ishlab turgan gaz tarmog‘imizni ham tuman gaz bo‘limi xodimlari kesib ketdi”.

Bu murojaatga Romitan tumani hokimi M. Olimov quyidagi tartibda javob qaytargan: Responbop qishlog‘ida ichimlik suvi manbai tashkil etilgan “Navro‘z” artezian qudug‘idagi suv mutaxassislarning o‘rganishlari natijasida iste'molga yaroqsiz deb topildi. 

Ayni paytda ushbu qishloqqa ichimlik suvi tashish yo‘li bilan keltirilmoqda.

Responbop qishlog‘i tabiiy gaz yetib bormaydigan hudud hisoblanib, hududdagi 96 xonadon muntazam ravishda suyultirilgan gaz ballon bilan ta'minlanmoqda”.

Murojaatlarda aytilganidek, elektr energiyasi, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi aholining birlamchi ehtiyojidir. Davlat rahbari bularsiz sog‘lom avlodni voyaga yetkazib bo‘lmasligi haqida ko‘p bor ta'kidlagan. Shunday ekan barcha yumushlar qog‘ozda yoki hisobotlarda emas,balki amalda bo‘lishidan barchamiz umidvormiz.

Mavzuga oid
Top