17:41 / 19.04.2017
13533

Navbatdagi antiqa uy: 1200 dollar evaziga kovboylar etigida bir oy yashashingiz mumkin

Dunyoning turli burchaklaridan arxitektorlar noodatiy uylarning shaklini o‘ylab topish bo‘yicha o‘zaro bellashishmoqda. Shu o‘rinda Texas shtatining Xantsvill shahrida yashovchi rassom Den Fillips ham o‘z mahoratini ko‘rsatish uchun kovboylar mavzusini tanladi. 

Phoenix Commotion qurilish kompaniyasi bilan hamkorlikda Fillips amaliyotchilar yordamida kovboylar etigi shaklidagi uyga asos soldi. Bunday antiqa uyni yaratishda unga bolalar uchun sevimli bo‘lgan etik ichida yashovchi kampir haqidagi ertak ilhom bag‘ishlagan. 

Bir qarashda turar-joy sifatidagi etik funksional emasdek tuyuladi. Biroq barcha qo‘rquvlar asossiz. 65 kv. metr maydonli uy ichida mehmonxona, ikkita yotoqxona va oshxona mavjud. Aylana shaklidagi zinalar bo‘ylab yuqoriga chiqsangiz, dam olish uchun ajoyib ayvonga guvoh bo‘lasiz. 

Etik uyning qulayligini sinab ko‘rish istagida bo‘lgan har qanday oila unda bir oy yashash uchun 1200 dollar to‘lasa kifoya.  

Den Fillips ijodiy g‘oyalarga to‘lib toshgan va u kovboylar mavzusini yanada olg‘a surib, endilikda kovboylar shlyapasi ko‘rinishidagi uyni yaratish niyatida. 

Top