O‘zbekiston | 18:47 / 19.04.2017
14253
3 daqiqa o‘qiladi

Shahar va shahar atrofida yo‘lovchi tashish uchun beriluvchi litsenziyalar birlashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida qator hukumat qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish loyihasi e'lon qilindi.

Loyiha bilan Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Yo‘lovchilar va yuklarni avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, xalqaro tashishlar bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash haqidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”, “Toshkent viloyati hokimiyatining barcha turdagi yo‘lovchi transporti harakatini muvofiqlashtirish va litsenziyalash bo‘yicha departamentini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlariga tuzatishlar kiritish taklif etilmoqda.

Bugungi kunda shahar va shahar atrofida yengil avtomobillarda (4 o‘ringacha) yo‘lovchi tashishga litsenziya berish alohida rasmiylashtiriladi. Bu yo‘lovchilar uchun ham, tashuvchilar uchun ham noqulayliklar keltirib chiqaradi. Loyihaga biriktirilgan tushuntirish izohida misol keltirilgan. Unga ko‘ra, yo‘lovchining yo‘nalishli taksida Toshkent shahridan halqa yo‘li tashqarisiga chiqishi (Keles shahri) uchun ham shahar, ham shahar atrofidagi litsenziyasi bir vaqtda bo‘lishi talab etiladi.

Shu sababdan shahar va shahar atrofida yengil avtomobillarda yo‘lovchi tashish uchun beriladigan litsenziyalarni birlashtirish taklif etilmoqda, bunda davlat boji oshirilmasligi mumkin.

Bundan tashqari, xalqaro yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi avtobuslarda yo‘lovchi sig‘imi oshiriladi, 21 o‘rindan 30 o‘ringacha. Bu Samarqand avtobus zavodi (SamAvto) tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobuslar model qatoridagi o‘zgarishlar tufayli yuz berishi mumkin. Shu bilan birga, davlat boji hajmi o‘zgarishsiz qoladi.

Kutilishicha, bu tuzatishlarni kiritish yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmat sifati va sonini oshiradi, avtotransport xizmatlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish imkonini beradi.

Loyiha muhokama jarayonida va o‘zgarishi, qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid