Jahon | 13:31 / 19.04.2017
6543
2 daqiqa o‘qiladi

Vashington Shimoliy Koreya, Eron va Suriyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritadi

AQSh KXDR, Eron va Suriyaga nisbatan sanksiya rejimini kuchaytiradi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar moliya vaziri Stiven Mnuchin Britaniyaning Financial Times gazetasiga bergan intervyusida ma'lum qildi.

"Biz KXDRga nisbatan ko‘proq sanksiyalar kiritamiz", - dedi u. Moliya vazirligi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bu Shimoliy Koreya bilan biznes olib boruvchi Xitoy kompaniyalariga emas, balki KXDR fuqarolari va kompaniyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanksiyalar bo‘ladi. 

"O‘tgan hafta Eronga sanksiyalar kiritdik, sababi bu yerda inson huquqlari buzilishi bilan aloqador holatlar bor, - deya davom etgan Mnuchin. – Eronga qarshi yadro muammosiga aloqasi bo‘lmagan yangi sanksiyalar bo‘ladi. Biz Tehronning o‘zini tutishini juda diqqatlik bilan kuzatib borishni rejalashtirganmiz".

"Suriyaga qarshi ancha yirik sanksiyalar kiritiladi, - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi AQSh moliya vaziri. – O‘ylashimcha, qisqa muddat davomida ular 200 ta suriyalik yoki Suriya bilan aloqasi bo‘lgan shaxslar va tashkilotlarni qamrab oladi".

AQSh moliya vazirligi 1 aprelda KXDRning yana 11 nafar fuqarosi va bir yuridik shaxsiga nisbatan sanksiyalar kiritdi. 13 aprel kuni esa Amerika moliya vazirligi o‘z sanksiyalar ro‘yxatiga Tehron qamoqxonalar tashkiloti va uning rahbarlarini kiritgani haqida ma'lum qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid