Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda 23 million so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgan mahalla oqsoqoli fosh etildi
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi “Komilon” qishloq fuqarolar yig‘ini kotibi va yig‘in raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan Raufjon Boltayevning qing‘ir ishlari fosh etildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.
Avvaliga kotib vazifasida ishlagan Raufjon Boltayev hamqishloqlarining ishonch va qo‘llab-quvvatlashi natijasida QFY raisi vazifasini bajaruvchi lavozimini egalladi. Biroq R.Boltayev yangi mansabdan foydalanib, mo‘may daromad topishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan ko‘rinadi. Chunki u kotib bo‘lib ishlagan davrida bolalar nafaqasi va kam ta'minlangan oilalarga to‘lanadigan moddiy yordam pullarini “tuya” qilish sir-asrorlarini yaxshigina o‘zlashtirib olgan ekan. Bu esa uning raislik faoliyatida qo‘l keldi. Mas'uliyatni unutgan oqsoqol ko‘p o‘tmay nafs yo‘lida qing‘ir ishlarga bosh bo‘ldi.
R.Boltayev QFYga yollanma norasmiy xodim sifatida jalb etilgan Maqsuda Haqnazarova va tuman bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi inspektori Hasan Suyarov bilan jinoiy til biriktirdi. Ularning ko‘magida 2015 yilning yanvar oyidan 2016 yilning yanvar oyiga qadar jami 19 million so‘m miqdoridagi byudjyet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilib yuboradi.
R.Boltayev va uning hamtovoqlari avvaliga tegishli qonun hujjatlari talablariga zid ravishda ish olib borib, fuqarolarga nafaqa tayinlash bilan bog‘liq hujjatlarni qalbakilashtirishadi. Ya'ni maxsus komissiya a'zolarining imzolarini soxtalashtirib, bir necha fuqarolarga, jumladan, fuqaro D.Haqnazarovaga bola parvarishi uchun 11 oy mobaynida jami 2 mln. 797 ming so‘m, M.Beknazarovaga 7 oy mobaynida 1 mln. 849 ming so‘m, garchi bola parvarishi uchun nafaqa so‘rab murojaat etmagan bo‘lsa-da, S.Mingliyevaga 9 oy mobaynida 2 mln. 131 ming so‘m nafaqa tayinlashadi. Keyin esa ushbu pullarni ularning nomidan rasmiylashtirilgan soxta arizalar bilan plastik kartochkalariga tushirib olib, o‘zlashtirib yuborishadi.
Shuningdek, R.Boltayev va uning sheriklari “Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablarini ham muntazam buzib kelishadi. R.Boltayev nizom bilan belgilangan talablarga mas'uliyatsizlik bilan qarab, fuqarolar Z.Qutbiddinova va A.Iskandarovaning o‘rtacha daromadi belgilangan mezondan oshib ketgan bo‘lsa-da, ularga 6 oy davomida jami 1 mln. 101 ming so‘m nafaqa puli to‘lab yuborilishiga yo‘l qo‘yadi.
Bundan tashqari, R.Boltayevning mas'uliyatsizligi oqibatida yana 6 nafar fuqaroga qonunga zid ravishda 3 mln. so‘mdan oshiqroq miqdorda nafaqa tayinlanadi va to‘lanadi. Bu bilan u faoliyati davomida jami 23 mln. 338 ming so‘m miqdoridagi byudjyet mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudi tomonidan Raufjon Boltayev, Hasan Suyarov va Maqsuda Haqnazarovaga tegishli jazo tayinlandi.
Mavzuga oid
17:51 / 22.06.2026
Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi
22:01 / 13.06.2026
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
15:20 / 13.06.2026
Eski sandiqdan topilgan britancha surat: Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi
19:37 / 04.06.2026