Jahon | 16:24 / 21.04.2017
10014
4 daqiqa o‘qiladi

Eron ShHTga a'zo bo‘ladimi?

Eron endilikda ShHTga a'zolik bo‘yicha barcha mezonlarga javob beradi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ostonada Shanxay hamkorlik tashkiloti TIV rahbarlari Kengashi majlisi yakuni bo‘yicha ma'lum qildi.

"ShHTga a'zolik uchun navbatda keyingi davlat – Eron, u BMT Xavfsizlik Kengashi liniyasi bo‘yicha sanksiyalar bilan aloqador masalalarni hal etdi, - degan vazir. – Endilikda u ShHTga a'zo bo‘lish uchun barcha mezonlarga to‘la javob beradi. Ostonada iyun oyidagi ShHT yig‘ilishi vaqtida davlat rahbarlari Eronni to‘laqonli a'zo sifatida qo‘shish jarayonini boshlash haqidagi masalani ko‘rib chiqishlari mumkin".

Shuningdek, ShHT davlatlari TIV rahbarlari majlisi chog‘ida ekstremizga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiya loyihasini ham ko‘rib chiqishdi. "Bu juda muhim hujjat bo‘lib, u ilk bora xalqaro-huquqiy yo‘nalishda ekstremistik mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarni belgilab beradi, - degan Lavrov. – Umid qilamizki, bu konvensiya ham davlat rahbarlari tomonidan ma'qullanadi".

"ShHT antinarkotik strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi ustidagi ish ikkinchi yil olib borilmoqda, - deya xabar berdi Rossiya TIV rahbari. – Bugun bu ishni Ostona sammitiga qadar yakunlash bo‘yicha mamlakatlarimiz tegishli idoralariga qo‘shimcha turtki berishga kelishib oldik".

"Yana bir konvensiya – bu tabiatni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikka oid konvensiya, - dedi u. – Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarida bunga katta e'tibor qaratiladi". "Va nihoyat, Shanxay hamkorlik tashkilotining ishi to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv imzolanadi, u ShHTga kiruvchi davlatlarning 80 ta o‘quv muassasasini birlashtiradi", - degan Sergey Lavrov.

ShHTni tashkil etish haqidagi deklaratsiya Shanxayda 2001 yilning iyunida olti davlat tomonidan imzolangan: RF, Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston. Tashkilot ishida shuningdek, olti kuzatuvchi-davlat (Mo‘g‘uliston, Hindiston, Eron, Pokiston, Afg‘oniston va Belarus) va muloqot bo‘yicha olti sherik (Shri-Lanka, Turkiya, Ozarboyjon, Armaniston, Kamboja va Nepal) ham ishtirok etmoqda. 

Hindiston va Pokistonning kirishi

ShHTga Hindiston va Pokistonning to‘laqonli a'zo sifatida qo‘shilishi tarixiy voqea bo‘ladi va tashkilotning dunyodagi ta'sirini kuchaytiradi. Bu haqda Lavrov ta'kidlab o‘tdi.

"Qator hujjatlar to‘plami ko‘rib chiqildi. Ular davlat rahbarlari tasdig‘iga kiritiladi. Birinchi navbatda, bu Hindiston va Pokistonning ShHTga to‘laqonli a'zoligini rasmiylashtirish bo‘yicha jarayonni yakunlashga oid qarorlar, - dedi vazir. – Bu tarixiy voqea hamda ShHTning xalqaro arenadagi hurmati va ta'sirini yanada kuchaytiradi. Tashkilot Hindiston va Pokiston qo‘shilganidan so‘ng, o‘z ichiga yer sharining 43 foizi aholisini qamrab oladi, ShHTga a'zo-davlatlar hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 24 foizi to‘g‘ri keladigan bo‘ladi".

Eslatib o‘tamiz, tashkilotga Hindiston va Pokistonning kirishi bo‘yicha jarayon 2015 yilda boshlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid