Jamiyat | 17:19 / 21.04.2017
5877
3 daqiqa o‘qiladi

Shu yilning I choragida huquqni muhofaza qilish sohasidagi necha nafar rahbar virtual qabulxonasi ochildi?

2017 yilning I choragida «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi doirasida qator loyihalar amalga oshirildi. Xususan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qaroriga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari tomonidan joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimiyat organlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash bo‘yicha Chora-tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqildi; “2017 yilda jurnalistlarning kasbiy malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish dasturi” qabul qilindi. Har bir tuman (shahar)da jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha “Xalq qabulxonalari”ning samarali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo‘nalishida esa qonun hujjatlarini tarqatish tizimi tubdan takomillashtirildi, sud tizimini yanada isloh etish orqali bir qator muhim qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, sudyalik lavozimida bo‘lishning ilk marotaba 5 yillik, navbatdagi 10 yillik muddatga va sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda tayinlanishi yoki saylanishi belgilandi. 

Sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta'minlashga ko‘maklashadigan Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Sudlarni yanada ixtisoslashtirish, sud apparatini mustahkamlash, shu jumladan, xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellyatsiya sudlarini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan 71 ta tumanlararo tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etilishi belgilandi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta'minlash maqsadida 27 ta huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalari tashkil etildi.

Ma'muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini takomillashtirish orqali Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llash ko‘lami kengaytirildi. Jumladan, ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish orqali tarbiyaviy ta'sir ko‘rsatish choralarini kuchaytirishga qaratilgan «majburiy jamoat ishlari» jinoiy jazosi kiritildi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirilishi belgilandi.

 

Mavzuga oid