Jahon | 11:01 / 22.04.2017
4156
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp amerikaliklarga solinadigan soliqlarni qisqartirishga qaror qildi

Foto: AP

AQSh prezidenti iqtisodiyotning o‘sishiga turtki berish maqsadida soliqlarni muvofiqlashtirishga doir farmonga imzo chekdi. Amerika televideniyesi farmonni imzolash jarayonini jonli efirda namoyish etdi. 

"Tramp 2016 yilning e'tiborga molik barcha soliq qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni ma'qulladi. Adolatsiz soliq siyosatiga qarshi amerikaliklarga yordam berish maqsadida shunday qilindi. Avvalgi ma'muriyatlar vaqtidagi soliq kodeksi iqtisodiyot va amerikalik soliq to‘lovchilar uchun juda og‘ir yuk bo‘lgan edi", — deya bayonot bergan Oq uy ma'muriyati. 

AQSh moliya vaziri Stiv Mnuchinning aytishicha, uning mahkamasi "so‘nggi 1,5 yilda qabul qilingan soliq o‘zgarishlarining har birini alohida ko‘rib chiqadi".

"Ular soliq kodeksiga kerakmi, bunga zarurat bormi-yo‘qmi, o‘rganiladi. Agar biz soliq yuki juda og‘ir degan xulosaga kelsak, u holda prezidentga uni o‘zgartirish borasida tavsiyalar beramiz", — degan Mnuchin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, farmondan ko‘zlangan maqsad "Amerika biznesini dunyodagi eng raqobatbardoshga aylantirishdir".

Oq uyga ko‘ra, moliya vazirligi 150 kunda o‘z takliflarini ishlab chiqishi kerak. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid