O‘zbekiston | 21:51 / 25.04.2017
27056
7 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha 5 yillik dastur tasdiqlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 aprel kuni «2017—2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni va uning sharhi O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Hozirgi paytda O‘zbekistonda 4 mingdan ziyod xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan 32,4 mingdan ortiq ko‘p xonadonli uyga xizmat ko‘rsatilmokda.

«Shu bilan birga, ushbu tarmoqda olib borilayotgan ishlar tahlili xususiy uy-joy mulkdorlarining ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta'mirlash borasidagi faoliyatida hal etilmagan qator muammolar borligini ko‘rsatmoqda», — deyilgan qarorning rasmiy sharhida.

Qayd etishlaricha, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rtasida kompleks yondashuv hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmi shakllanmagan. Ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash borasida ta'sirchan nazorat o‘rnatilmagan, ko‘p hollarda undan texnik foydalanish va aholining xavfsiz yashashini ta'minlash borasidagi me'yor va talablar buzilishiga yo‘l qo‘yilmokda. Ko‘p xonadonli uylarda ta'mirlash-tiklash ishlarini o‘tkazishning qoida va muddatlariga rioya etilmayapti, bu esa aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Prezidentning yangi qarori esa ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan oqilona foydalanish, ta'mirlash-tiklash ishlarini belgilangan muddatlarda olib borish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.
Hujjatda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilarni nazarda tutadi:

  • aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ko‘p xonadonli uylarda joylashgan xonadonlardagi muhandislik-kommunikatsiya tizimi va umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarni o‘z vaqtida va sifatli ta'mirlash, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish, u yerlarda bolalar va sport maydonchalarini barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bozorini rivojlantirish imkonini beradigan uy-joy kommunal xo‘jaligini boshqarishning ta'sirchan vertikal tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • uy-joy kommunal soha tashkilotlari, xususan, ta'mirlash-tiklash xizmatlarining moddiy-texnik bazasini yaratish va mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va malakali mutaxassislar bilan ta'minlash.

Qarorga muvofiq, 2017—2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta'mirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash dasturi tasdiqlandi. Ushbu Dasturda ko‘p xonadonli uy-joy fondining umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarini kapital va joriy ta'mirlash, hududlarni obodonlashtirish, lift uskunalarini ta'mirlash va almashtirish, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta'mirlash tizimini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjyeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjyetlari mablag‘lari, O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari kreditlari, shuningdek, lizing hisobidan 1,8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur dasturni amalga oshirishda «O‘zsanoatqurilishbank» uy-joy kommunal sohasiga qarashli tashkilotlarni moliyalashtirishni ta'minlaydigan vakolatli bank etib belgilandi. Dasturni amalga oshirish doirasida tijorat banklariga «Ta'mirlash-tiklash xizmati» davlat unitar korxonasi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etildi.

Shuningdek, mazkur qarorda O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida buxgalterlik hisobini yuritish, konsalting xizmatlar ko‘rsatish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan majburiy badallar yig‘ish xizmatlarini ko‘rsatadigan «Yagona hisob-kitob markazi» va shahar hamda tumanlarda uning filiallarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Qaror bilan shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga ko‘ra:

  • ko‘p xonadonli uy-joy fondi umumiy mulki va unga tutash hududlarni saqlash uchun turar joy va noturar joy binolar mulkdorlarining majburiy badallari miqdori O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi har yili tasdiqlaydigan eng kam miqdordan kam bo‘lmagan hajmda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan belgilanadi;
  • xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining raisi «Kommunalo‘quv» o‘quv-uslubiy markazi» davlat unitar korxonasida o‘qigani to‘g‘risida tegishli sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda saylanadi, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari a'zolarining umumiy yig‘ilishi qarori asosida tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra lavozimidan ozod etiladi.

Qarorning amalga oshirilishi quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi: 

birinchidan, bu qaror ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini va undan maqsadga muvofiq holda foydalanishni tubdan yaxshilash, ta'mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazish; 

ikkinchidan, aholining rivojlangan infratuzilmaga ega bo‘lgan ko‘p xonadonli uy-joy fondida yashashi uchun har jihatdan qulay sharoit yaratish; 

uchinchidan, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta'minlaydi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid