Jahon | 10:30 / 25.04.2017
15362
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Obama bitta nutq so‘zlab berish uchun 400 ming dollar so‘radi

Foto: AP

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama Nyu-Yorkda sentabr oyida 400 ming dollar evaziga chiqish qilishga rozi bo‘ldi. Bu sobiq davlat kotibi Hillari Klinton o‘z nutqlari uchun olgan maksimal gonorardan ikki bora ko‘proqdir. deb xabar bermoqda Fox News telekanali.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Obama bunday shartnomani Cantor Fitzgerald sarmoya banki bilan imzolagan. Bank sentabr oyida Uoll-stritning yetakchi bank va kompaniyalari rahbarlari uchun sog‘liqni saqlash muammosi bo‘yicha anjuman o‘tkazmoqda. Bunday holatlarda gonorarlar miqdori odatda oshkor etilmaydi, deya aniqlik kiritgan Fox News.

Uning eslatishicha, mamlakatning 44-prezidenti davlat rahbari sifatidagi sakkiz yillik faoliyati davomida o‘zini Uoll-stritning “o‘zidan ketgan shaxslari” bilan kurashuvchi sifatida ko‘rsatib kelgan. Telekanalning ta'kidlashicha, Obama to‘xtovsiz boyishga qarshi chiqqan edi, biroq endilikda o‘zi ham shu yo‘ldan bormoqda.

Ma'lumki, Bill Klintonning Oq uydan ketganidan so‘ng, 2001-2015 yillardagi gonorari hajmi bir nutq uchun 200 ming dollardan oshmagan, kichik Jorj Bushniki esa 175 ming dollarga ham yetmagan.

Obamada kelayotgan to‘rt hafta ichida AQSh va Yevropadagi 28 ta turli tadbirda ishtirok etishni rejalashtirgan. Shuningdek, u 25 may kuni GFR kansleri Angela Merkel bilan birga Brandenburg darvozalari oldida ochiq muhokamalarda ham qatnashadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid