Jamiyat | 10:29 / 25.04.2017
11726
4 daqiqa o‘qiladi

Sifatsiz paxta yog‘i ishlab chiqargan tadbirkor fosh etildi

Respublikamizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Afsuski, bu kabi izchil islohotlarning samaradorligiga putur yetkazayotgan ayrim qo‘sh tirnoq ichidagi tadbirkorlar ham uchrab turibdi-ki, ular nafaqat davlatga  iqtisodiy zarar yetkazishadi, qolaversa, yurtdoshlarimiz salomatligini ham jiddiy xavf  ostiga qo‘yishadi.

Xalqimiz koriga yarab, davlatimizga naf keltirayotgan tadbirkorlar soni kun sayin ortib borar ekan, ularning vijdonan, qonuniy va erkin faoliyat yuritishlariga xalaqit berib, halol raqobat muhitini izdan chiqarishga urinayotgan soxta tadbirkorlar ham uchrab turibdi.

Ulardan biri G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi N.Ma'rufovdir. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilar hamkorlikda uning xonadoni o‘rnatilgan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ushbu shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan turib, qonunga xilof ravishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelganligi ma'lum bo‘ldi. Ya'ni N.Ma'rufov o‘z uyida qo‘lbola tseh - moyjuvoz faoliyatini yo‘lga qo‘yib, sifatsiz va inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan paxta yog‘ini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Tezkor tadbir davomida ushbu xonadonda 1880 kg. chigit, 227 kg. kunjara va 180 litr qo‘lbola usulda tayyorlangan paxta yog‘i qonunbuzarlardan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Achinarlisi shundaki, yog‘ ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan ushbu chigitlar aslida urug‘lik chigitlar bo‘lib, ularga kimyoviy zaharli dorilar bilan ishlov berilgan. Shu sababli, ulardan tayyorlangan paxta yog‘i inson salomatligi uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.

Qing‘ir qilmishlari bilan yurtdoshlarimiz sog‘ligiga xavf tug‘dirishga uringan kimsalardan yana biri F.Madalimovdir. Farg‘ona viloyati bojxonachilari tomonidan ushbu shaxs boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatib tekshirilganda, navbatdagi nayrang fosh etildi.

Qarangki, F.Madalimov avtomashinaning old buferi va kapoti ichiga salkam 100 kg. shokoladlarni yashirgan holda olib kirishga uringan ekan. Muammoning jiddiy tarafi shundaki, bojxona qonunchiligiga rioya qilishni istamagan huquqbuzar odatda tez eruvchan shokoladlarni mashinaning shundoqqina motori ustiga joylashtirgan.  Harakatlanish paytida mashina motori qizishi va shokoladlarning erishini inobatga olsak, ushbu oziq ovqat mahsulotiga zaharli moddalar o‘rnashishi va inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini F.Madalimov o‘ylab ham ko‘rmagan.

Shuningdek, Farg‘ona tumanining chegaradosh hududida harakatlangan Neksiya avtomashinasi haydovchisi J.Mirzarahimov ham dastlab qochishga urindi. Bu esa bejizga emas ekan. Tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan ushbu shaxs qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali qiymati salkam 27 mln. so‘mlik 7 turdagi o‘simlik zararkunandalariga qarshi mo‘ljallangan kimyoviy vositalarni hech qanday hujjatlarsiz bojxona nazoratidan chetlab o‘tib, olib kirishga uringan ekan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Husen Tangriyev
Davlat bojxona qo‘mitasi
Axborot xizmati katta inspektori

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid