20:11 / 28.04.2017
4643

Chernogoriya parlamenti mamlakatning NATOga kirishi uchun ovoz berdi

Foto: REUTERS / Stringer

Chernogoriya parlamenti mamlakatning NATOga kirishiga ovoz berdi. Tsetina shahridagi yig‘ilishda deputatlar NATOga qo‘shilish bayonnomasini 46 ovoz bilan ratifikatsiya qilishdi. Hammasi bo‘lib parlament 81 deputatdan iborat bo‘lib, muxolifat vakillari yig‘ilishga boykot e'lon qilishgan va unda ishtirok etishmagan.  

Yig‘ilish mahalliy televideniye orqali translyatsiya qilindi. Ishtirokchilar orasida mamlakat prezidenti Filip Vuyanovich va sobiq bosh vazir Milo Jukanovich bo‘lganlar. Ular qabul qilingan qarorni qizg‘in olqishlashgan.

Muxolifat NATOga kirish parlamentda emas, umumxalq referendumida hal qilinishi kerakligini talab qilishgan. Muxolifatchilar muddatdan avval parlament saylovlariga erishib, hukumatga kelib, NATOga kirish qarorini bekor qilishga va'da berganlar.

Ovoz berish arafasida mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. 

Mamlakatning NATOga to‘laqonli qo‘shilishi bayonnomaning NATOga a'zo barcha davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyin mumkin bo‘ladi. Hozircha buni faqatgina Ispaniya amalga oshirmadi.

O‘z navbatida Rossiya Chernogoriyaning NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqqan va buni "sun'iy tortish" deb atagan. O‘tgan haftada Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Chernogoriyada mamlakatning NATOga kirishi arafasida Rossiya va uning fuqarolariga qarshi adovat kuchayotganini ta'kidlab o‘tgan. Joriy haftada Rospotrebnadzor Chernogoriyaning Plantaze kompaniyasi vinolarining Rossiya hududiga kiritilishini taqiqlab qo‘ydi.

Mavzuga oid
Top