Jamiyat | 19:34 / 28.04.2017
5769
6 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot xizmati ko‘rsatish masalalarini ko‘rib chiqishdi

Foto: parliament.gov.uz

28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlarining axboroti eshitildi.

Yig‘ilishda ta'kidlandiki, respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining viloyat va tuman tibbiyot muassasalari bilan o‘zaro hamkorligi, kasalliklar profilaktikasi, tashhis qo‘yish va davolash masalalarida malakali kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojning yuqoriligi parlament va jamoatchilik nazoratining doimiy e'tiboridagi vazifaga aylanmoqda.

Kun tartibidagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlarining axborotini eshitishdan avval deputatlar ushbu tibbiyot muassasalarining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, ularning aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi va holatini o‘rganib chiqdilar.

Majlisda alohida qayd etildiki, ushbu markazlar tomonidan “2017-2018 yillar mobaynida barcha viloyat va tuman davolash-profilaktika muassasalariga chiqib amaliy yordam berish va aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish rejasi” ishlab chiqilgan va unga ko‘ra mutaxassislar aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan har yili 14 mingdan ziyod bemor bola statsionar sharoitda davolanmoqda, 4 ming nafardan ortiq bemorga ambulatoriya sharoitlarida malakali maslahat berilgan. Ushbu markazda ham joylardagi faoliyatga e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda amalga oshirilgan 92 ta chiqishlar davomida 4,6 ming bemorda profilaktik ko‘riklar tashkil etildi. Eshitish bo‘yicha nuqsoni bo‘lgan 350 dan ortiq bolada bepul koxlear implantatsiya operatsiyalari amalga oshirildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida har yili 4 ming nafar bemorga statsionar yordam ko‘rsatilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida joylardagi 19 ta chiqish doirasida 2 ming nafarga yaqin bemor ambulator sharoitda davolangan. «Dermatologlar amaliy maktabi» yo‘nalishida respublika bo‘ylab 386 nafar mutaxassislar ishtirokida amaliy-seminarlar tashkil etilib, 320 nafar bemorga o‘sha joyning o‘zida tibbiy maslahatlar berilgan.

– Ixtisoslashtirilgan markaz rahbarlari tomonidan taqdim etilgan axborot aholini qiziqtiradigan ko‘plab masalalarni qamrab oldi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muharram Dadaxodjayeva. –  Joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish uchun mamlakatimizning turli hududlaridagi faoliyati chog‘ida deputatlar tibbiyot muassasalari ishini o‘rganishga alohida e'tibor qaratmoqdalar. Shu munosabat bilan, muhokamalar jarayonida deputatlar ushbu markazlar faoliyati bilan bog‘liq aholini o‘ylantirayotgan masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuni ta'kidlash kerakki, ayni vaqtda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida turli xil nasliy, tug‘ma va orttirilgan og‘ir kasalliklarga chalingan bemor bolalarni davolash uchun maxsus reaktivlar, dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlamaydi, shuningdek bir yoshgacha bolalari bo‘lgan onalarni ovqatlantirish masalasi hal etilmagan.

Qizg‘in muhokamalar davomida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga asosiy e'tibor qaratildi. Xususan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga muhtoj shaxslarning imtiyozli orderlar bilan ta'minlanganligi va ular uchun koyka-o‘rinlarni moliyalashtirish yetarli darajada emas. Markazlarda videoaloqa vositasida masofaviy maslahat olish amaliyoti joriy etilmagan. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislarni xorijdagi yetakchi klinikalarda yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va xorijdagi markazlardan jalb etilgan mutaxassislar uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligi ta'kidlandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bemorlar soni va statsionar davolanishga ehtiyoj ko‘pligiga qaramasdan 2 qavatli bino ta'mir talabligi tufayli faoliyat ko‘rsatmayapti. Zarur reaktivlar va dori preparatlarini O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha uzil-kesil chora-tadbirlar ko‘rilmaganligi bois ayrim toifadagi bemorlarni davolash murakkablashmoqda.

— Bugungi eshituv bizga o‘z faoliyatimiz, shu jumladan yutuqlarimiz to‘g‘risidagi axborotning taqdimotini parlamentda o‘tkazish imkonini berdi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Kamola Salixova. – Shu bilan birga, deputatlar tomonidan ishimiz samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator takliflar bildirildi. Bu kabi parlament nazoratining amalga oshirilishi bizning mas'uliyatimizni yanada kuchaytiradi.

Amaliy muloqot va savol-javob tarzida o‘tgan majlisda ikkala markaz rahbarlari o‘z faoliyatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdilar.

Majlis yakunida deputatlar ushbu markazlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdilar. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi va uning ijrosi nazoratini muntazam olib borish hamda tahlilini yuritish kabi vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid