Ko‘chmas mulk | 19:29 / 05.08.2025
3250
4 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Unda nimalar nazarda tutilgan?

Renovatsiya loyihasi hokimliklar, o‘sha hududda yashayotgan aholi va xususiy investorlar tomonidan ilgari surilishi mumkin bo‘ladi. Bunda mulkdorlarning kamida 80 foizining notarial tasdiqlangan roziligi olinishi shart. Adliya vaziri o‘rinbosari qurilish va buzish ishlari mulkdorning 100 foiz roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, qonun loyihasida qurilishning maksimal muddati ikki yil etib belgilanyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamovga ko‘ra, ushbu hujjat eskirgan turar joy fondini yangilash va zamonaviy hamda energiya samarador shahar muhitini yaratish uchun huquqiy baza yaratadi. Shu paytgacha mamlakat bo‘ylab ko‘plab renovatsiya loyihalari amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ushbu jarayonlarni tartibga soladigan va uning xususiyatlarini o‘zida ifoda etadigan alohida qonun mavjud bo‘lmagan.

Foto: Qonunchilik palatasi

“Bu jarayonlar umumiy qoidalarni aks ettiruvchi qonunlar va kodekslar, xususan, Fuqarolik kodeksi, Shaharsozlik kodeksi, Yer kodeksi va boshqa qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinyapti. Maxsus qonun hujjatining mavjud emasligi bir qator hollarda mulkdorlar huquqlarining poymol etilishiga ham olib kelmoqda”, dedi Istamov.

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, ko‘p kvartirali uy-joylar fondi jiddiy yangilanishga muhtoj.

“Respublika bo‘yicha jami 42 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, ularning qariyb 17 mingtasi ikki-uch qavatli uylardir. Shundan 343 tasi hatto foydalanish muddatidan o‘tgan, texnik jihatdan avariya holatida bo‘lib, hozirgi talablarga mutlaqo javob bermaydi. Jumladan, elektr, gaz, suv ta’minoti tizimlari eskirgan. Ba’zilarining hatto oqova suv tarmog‘i ham yo‘q”, dedi u.

Renovatsiya qaysi hududda amalga oshiriladi?

Qonun loyihasida qaysi hududlar renovatsiya qilinishiga doir aniq mezonlar belgilanyapti. Bunda quyidagi omillar asos qilib olinadi:

  • hududning bosh rejada renovatsiya hududi sifatida e’tirof etilgan bo‘lishi;
  • uy-joylar yashash uchun butunlay yaroqsiz yoki avariya holatida bo‘lishi;
  • hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlar mavjudligi.

Bundan tashqari, renovatsiya loyihasini hokimliklar, o‘sha hududda yashayotgan aholi va xususiy investorlar taklif qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda mulkdorlarning kamida 80 foizining notarial tasdiqlangan roziligi shart.

Adliya vaziri o‘rinbosari mulkdor 100 foiz rozi qilinmasa, hech qanday qurilish va buzish ishlari amalga oshirilmasligini ta’kidladi. 

Har bir mulkdor uchun uch xil kompensatsiya shakli nazarda tutiladi:

  • renovatsiya hududining o‘zida quriladigan yangi ko‘p qavatli uydan turar yoki noturar joy berish;
  • boshqa hududdan joy berish;
  • uyning bozor bahosiga teng miqdorda pul to‘lash.

Qurilish davrida fuqaro vaqtincha ijara uyda yashasa, ijara xarajatlari to‘liq qoplab beriladi hamda har bir mulkdorga o‘zining mulki bozor qiymatining qo‘shimcha 12 foizi miqdorida bir martalik tovon puli to‘lanadi.

Shuningdek, qonun loyihasida qurilish muddati 2 yil etib belgilanmoqda. Agar quruvchi ikki yilda qurib ulgurmasa, kechikkan har bir kun uchun mulkdorga mulk qiymatining 0,5 foiz miqdorida penya to‘laydi. Bundan tashqari mulkdorlarga ham loyihada ulushdorlik asosida ishtirok etish huquqi beriladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid