O‘zbekiston | 22:56 / 29.04.2017
6115
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xalqaro ilmiy-madaniy kongress o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda

2017 yilning 15-16 may kunlari Toshkent va Samarqandda «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l» mavzuida ikki kunlik xalqaro ilmiy-madaniy kongress o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. 

Tadbir ishida O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosini saqlash va targ‘ib qilish, sharqshunoslik, arxeologiya, tarix, sharq qo‘lyozmalari, numizmatika, to‘qimachilik, kulolchilik sohalariga ixtisoslashgan 120 dan ortiq xorijiy va 100 dan ortiq milliy olim va ekspert ishtirok etadi. Ular orasida Rossiya, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Misr, Koreya, Belgiya, Gollandiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, AQSh, Xitoy, Turkiya, Gretsiya, Ozarboyjon va boshqa mamlakatlardan dunyo ilm-fani vakillari – mashhur olimlar, muzey va ilmiy institutlar rahbarlari, ilmiy jurnallar muharrirlari, taniqli kolleksionerlar,shuningdek, YuNeSKO va ICOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash), ko‘p sonli asarlar va kitoblar muallifi bo‘lgan olimlar bor. Ilmiy anjumandan ko‘zda tutilgan maqsad - O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosini o‘rganish va saqlashdan iborat. Tadbirda O‘zbekiston hududida va dunyoning turli mamlakatlari muzeylarida saqlanayotgan moddiy va badiiy madaniyatning nodir obektlariga bag‘ishlangan ma'ruzalar tinglanishi kutilmoqda. 

Mazkur anjuman nafaqat ilmiy-madaniy, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega bo‘ladi, zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yorqin voqea bo‘ladi.

Tadbirning asosiy voqeasi «Dunyo to‘plamlarida O‘zbekistonning madaniy merosi» (loyiha muallifi va rahbari - O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Abduxoliqov, loyihaning ilmiy rahbari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi E.Rtveladze) eksklyuziv madaniy-ma'rifiy media-loyihasi taqdimoti bo‘ladi.

Tadbirda « O‘zbekistonning madaniy merosi” turkumida uch tilda nashr etilgan kitob albomlarning dastlabki besh jildi - «Sharq davlat muzeyi to‘plami» (Moskva), «Rossiya etnografiya muzeyi to‘plami» (Sankt-Peterburg), «Tretyakov davlat galereyasi to‘plami» (Moskva), «O‘zbekiston gilamlari va kashtalari dunyo to‘plamlarida» (Rossiya, AQSh, Kanada, Avstraliya), shuningdek, «Alisher Navoiy asarlari Rossiya milliy kutubxonasi to‘plamlarida» (Sankt-Peterburg) kitoblari namoyish etiladi. 

Bundan tashqari, nashr etishga tayyorlanayotgan 6 ta jild – «O‘zbekistonning musiqiy merosi», «Davlat Ermitaji to‘plami», «Davlat tarix muzeyi to‘plami», «Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plami», «O‘zbekiston gilamdo‘zligi: asrlar osha saqlangan an'analar» va «Germaniya muzeylari to‘plamlari» taqdimoti ham o‘tkaziladi. Har bir jildni tayyorlash kuratorlari O‘zbekistonning taniqli olimlari, san'atshunoslari, musiqashunos va sharqshunoslari hisoblanadi. 

Tadbir ishtirokchilariga, shuningdek , O‘zbekistonning dunyo muzeylarida saqlanayotgan kolleksiyalari to‘g‘risidagi hujjatli filmlar ham namoyish etiladi. Shu maqsadda loyihaning ijodiy guruhi tomonidan dunyoning 15 ta muzeyida tasvirga olish ishlari olib borildi va taniqli olimlardan intervyular olindi. Tadbirning tantanali voqeasi loyihaning ilmiy rahbari, mashxur arxeolog, tadqiqotchi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladzeni 75 yilligi bilan muborakbod etishga bag‘ishlanadi. 

Tadbirning chet ellik ishtirokchilari bo‘lgan professorlar, tarix, san'atshunoslik fanlari doktorlari, san'at sohasidagi yetakchi ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan qisqa ma'ruzalar tayyorlanadi. Shuningdek, tashkilotchilar va tadbir ishtirokchilaridan kongressga mahsus qutlovlar olinishi kutilmoqda, ular uch tilda nashr etish rejalashtirilayotgan tadbirning maxsus jurnaliga kiritiladi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid