Sport | 19:19 / 30.04.2017
18654
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda boks bo‘yicha 29-Osiyo chempionati ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: Kun.uz

Toshkentda boks bo‘yicha yirik xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda. 30 aprel – 7 may kunlari “O‘zbekiston” universal sport majmuasida Xalqaro boks assotsiatsiyasi – AIBA musobaqalar taqvimiga kiritilgan kattalar o‘rtasida Osiyo birinchiligi bo‘lib o‘tadi. 

Chempionatda Osiyo boks konfederatsiyasi – ASBC tashkilotiga a'zo 29 mamlakat - O‘zbekiston, Xitoy,  Hindiston, Eron, Iordaniya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Shri-Lanka, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Malayziya, Butan, Livan, Nepal, Falastin, Qatar, Singapur, Tailand, Indoneziya, Filippin, Yaponiya, Tayvan, BAA, Iroq hamda Suriya boks terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Xorijdan kelgan 200ga yaqin bokschi qit'ada eng nomdor bokschi nomi uchun kurash olib boradi.

Xalqaro boks qoidalariga binoan janglar 10ta – 49, 52, 56, 60, 64, 69, 75, 81, 91 va +91 kg vazn toifalarida o‘tkaziladi. Bokschilar medallar uchun kurashishdan tashqari shu yilning 23 avgustidan – 4 sentabrigacha Germaniyaning Hamburg shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun bahs olib borishadi. 

Osiyo qit'asi bokschilari uchun yagona saralash turnirida har bir vazn toifasidan 6 nafardan eng kuchli bokschi – jami 60 sportchi Jahon birinchiligida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Bugun ochilish marosimidan keyin 52, 60, 69 kg vazn toifalaridagi bokschilarning saralash bahslari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid