Jahon | 18:22 / 01.05.2017
5442
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Sharq va G‘arb o‘rtasidagi masofa uzoqlashib borayotgani haqida so‘zladi

Foto: AFP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralari yakunlari bo‘yicha jahonda populizmning o‘sishi va Sharq hamda G‘arb o‘rtasidagi masofaning uzoqlashib borayotgani to‘g‘risida so‘zladi. 

"Biz dunyoda ro‘y berayotgan voqealar bo‘yicha fikr almashdik. Butun dunyoda populizm o‘sib bormoqda. Din va jins bo‘yicha ajratishlar kuchaymoqda. Sharq va G‘arb o‘rtasidagi bo‘linish yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa Yevropada ksenofobiya va madaniy irqchilik zahar pechak kabi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda", - dedi Erdo‘g‘an anjumanda. 

2008 yildan beri birinchi marta Hindistonga tashrif buyurgan Erdo‘g‘an "butun tarix davomida biz turli sivilizatsiyalar beshigi bo‘ldik" deya qo‘shimcha qildi. 

"Xilma-xillikdan tahdid kabi qo‘rqish kerak emas, ularni boylik kabi qabul qilish kerak. O‘ylashimcha, Hindiston va Turkiya xalqaro hamda mintaqaviy masalalar bo‘yicha chuqur hamkorlik va birdamlikka muhtoj. Global tinchlik va barqarorlik hukmron bo‘lishi uchun Hindiston va Turkiya bir-biriga yaqin bo‘lishi kerak", - dedi u.

Modi o‘z o‘rnida xalqaro terrorizm muammosiga urg‘u berdi. 

"Muntazam o‘sib kelayotgan terrorizm xavfi bizning umumiy xavotirimiz obektidir. Bu masalada biz prezident bilan keng muhokama o‘tkazdik. Bizning fikrimizcha, hech qanday istak, maqsad yoki sabab terrorizmni oqlay olmaydi. Dunyo mamlakatlari terrorizm bilan kurashda birdamlikda harakat qilishi, moliyalashtirish va chegaralar bo‘ylab harakatlanishning oldini olishi kerak. Prezident va men bu tahdidga samarali qarshilik qilish uchun ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida birgalikda harakat qilishga kelishib oldik", - dedi u. 

Erdo‘g‘an o‘z chiqishida "Turkiya terrorizm bilan kurashda doim Hindiston tomonda bo‘lishi va uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi"ni qayd etdi.

Muzokaralarning yana bir siyosiy mavzui BMT islohoti masalasi bo‘ldi, qo‘shimcha qildi Modi. 

Modi va Erdo‘g‘an muzokaralar yakuni bo‘yicha uch hujjatni imzolashdi - 2020 yilga qadar madaniy almashinuv rejasi, Hindiston TIV Tashqi siyosiy xizmat instituti va Turkiya diplomatik akademiyasi o‘rtasidagi anglashuv memorandumi hamda axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qilishga oid anglashuv memorandumi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid