Jamiyat | 22:05 / 01.05.2017
6476
4 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan haftada soliq qonunchiligini buzgan 859 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi

Foto: RIA

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan joylarda nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminalidan foydalanmaslik va tushumlarni bank kassalariga to‘liq topshirmaslik holatlari bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida 6,5 mingdan ortiq nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ularning barchasida turli qoidabuzarliklar aniqlangan.

Xususan, tekshirishlarda savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sub'yektlari tomonidan nazorat-kassa mashinasini qo‘llamasdan tovarlar sotish hamda xizmatlar ko‘rsatish, tushumlarni bank kassalariga topshirmasdan yashirish, to‘lov shaklidan kelib chiqib narxlarni sun'iy ravishda oshirish yoki pasaytirish, hisob-kitob terminalidan foydalanish qoidalarini buzish va hech qanday hujjatlarsiz tovarlarni noqonuniy sotish holatlari aniqlangan.

Masalan, Sirdaryo viloyati davlat soliq xizmati organlari xodimlari «SERVIS» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli savdo shoxobchasida o‘tkazgan qisqa muddatli nazorat tadbirida mijoz tomonidan amalga oshirilgan to‘lov uchun 6 ming so‘mga xarid cheki berilmaganligi, shoxobchaga nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminali o‘rnatilmaganligi hamda shoxobcha g‘aznasida savdodan tushgan 50 mln.so‘m miqdoridagi naqd pul borligi ma'lum bo‘ldi.

Samarqand viloyati Samarqand tumanida yakka tartibdagi tadbirkor «T.N» xaridorga ko‘rsatilgan 25 000 so‘mlik xizmat uchun plastik kartochkadan 30 000 so‘m, ya'ni 5 000 so‘m ortiqcha haq ushlab qolgan. Buning ustiga u kunlik savdodan tushgan 64 500 so‘m miqdoridagi naqd pulni nazorat-kassa mashinasi xotirasiga kiritishni «unutib» qo‘ygan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, qoidabuzarlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanildi.

Soliq nazorati natijalariga ko‘ra, birgina o‘tgan hafta davomida soliq qonunchiligini buzgan 859 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi. 

Jumladan:

- binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni notarial tasdiqlangan shartnomasiz ijaraga yoki tekin foydalanishga bergan 20 nafar;

- uy-joyga doir mulk huquqini ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarda o‘z vaqtida rasmiylashtirmagan 156 nafar;

- daromadlar to‘g‘risida deklaratsiyani soliq organiga o‘z vaqtida taqdim etmagan 320 nafar;

- avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullangan 191 nafar jismoniy shaxslar;

- savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgan 58 nafar;

- soliq hisobotini soliq organiga o‘z vaqtida taqdim etmagan 45 nafar;

- soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini xizmat ko‘rsatayotgan bankka o‘z vaqtida taqdim etmagan 23 nafar mansabdor shaxslar ma'muriy jazoga tortilgan.

Ayni paytda yaratilgan yengilliklar tufayli soliqqa oid huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etib, uning oqibatlarini aniqlangan paytdan boshlab o‘ttiz kunlik muddat ichida bartaraf etgan hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplagan 398 nafar tadbirkorlik sub'yektining mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar ma'muriy javobgarlikdan ozod etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid