Light | 20:26 / 02.05.2017
10236
4 daqiqa o‘qiladi

Biologlar nega badantarbiya xotirani mustahkamlashini aniqlashdi

Foto: Fotolia / adimas

Sport bilan shug‘ullanish va badantarbiya — miyadagi xotira markazi bo‘lmish hippokampni yanada elastik bo‘lishiga olib keladi va buning natijasida xotiraning yanada ravshanlashishiga sabab bo‘ladi, deyiladi NeuroImage jurnalida e'lon qilingan maqolada.

«Biz hippokmp qanchalik elastik bo‘lsa, ko‘ngillilarning xotirasi shunchalik yaxshilanganiga guvoh bo‘ldik. Elastik hippokampni ustidan turib ketilganda o‘z shaklini tiklab oluvchi penoplastdan yasalgan zich matrasga o‘xshatish mumkin. Agar u yanada cho‘ziluvchan bo‘lib qolsa — xotira o‘tmaslashadi. Ya'ni, ko‘p foydalanilgan matras egasining badani shaklini o‘ziga yuqtirib, avvalgi shaklini «esdan chiqarganidek», — deydi Delaver (AQSh) universiteti xodimi Kyortis Jonson.

So‘nggi yillarda bir necha tadqiqotchilar guruhi sport bilan muntazam shug‘ullanish va badantarbiya miyaning ish faoliyatini yaxshilashini aniqlashgan. Masalan, 2008 yilda avstraliyalik olimlar qariyalarda har kuni 50 daqiqalik sayr xotira va konsentratsiyani yaxshilashini aniqlashgan, 2015 yilda esa ularning italiyalik hamkasblari jismoniy mashqlar jarohatlanish yoki yangi ko‘nikmalarga o‘rganishda asab hujayralariga boshqa neyronlar bilan yangi bog‘lanishlar shakllantirishiga yordam berishini ko‘rsatib berishgan.

Jonsonning aytishicha, bunday hissiyotlarning sababini aniqlash shu paytgacha muvaffaqiyatli bo‘lmayotgan edi. Masalan, olimlar bir necha marta mashqlar chog‘ida hippokamp o‘lchamlarining ortishi va bolalar va qariyalarda xotira yaxshilanishi o‘rtasida bog‘liqlik borligini aniqlashgan. Lekin voyaga yetgan o‘rta yoshdagilarning ham badantarbiya va velotrenejyorda shug‘ullanishdan so‘ng xotirasi mustahkamlanishini tushuntirib berisha olishmayotgandi.

Jonson va uning hamkasblari buning sababi hippokam hajmi va massasining ortishida emas, jismoniy zo‘riqishlar natijasida uning strukturasi qanday o‘zgarishlarga duchor bo‘lishida ekanligini taxmin qilishgan. Bu nazariyani tekshirib ko‘rish uchun ular nisbatan yangi ilmiy uskuna — magnitli-rezonansli  elastograf — akustik to‘lqinlar qanday o‘tishini kuzatish uchun tirik to‘qimalarning elastikligi va qayishqoqligini o‘lchovchi qurilmadan foydalanishgan.

Olimlar yarmi sportzallarda shug‘ullanadigan, boshqa yarmi uyida doim yotadigan ellikka yaqin ko‘ngillilarning miya strukturasini tahlil qilib ko‘rishgan. Bu sinovlar vaqtida bir necha oddiy masalalarni yoddan yechishlari kerak bo‘lgan: ekranda bir nechta chiziqlar ko‘rsatilgan, tajribada qatnashayotganlar ularni yodlab qolib, o‘rnini aytishlari lozim bo‘lgan.

Kuzatishlarning ko‘rsatishicha, ko‘ngillilarning xotirasi mustahkamligi chindan ham hippokmpning hajmi va massasi emas, uning ichki strukturasiga, sport bilan nechog‘lik shug‘ullanishga bog‘liq bo‘lib turgan ekan. Bunday bog‘liqlik tajribada qatnashgan yoshlarda ham, kariyalarda ham birdek kuzatilgan, ayniqsa, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi kishilarda yorqinroq ko‘rinish bergan.

Bu nima bilan bog‘liqligini hozircha olimlar to‘liq aniqlashgani yo‘q, biroq hippokampning elastik strukturasi unda shamollash manbalari, qon bilan yomon ta'minlangan uchastkalar va nerv hujayralarini oziq moddalari hamda kislorod bilan ta'minlanishiga doir surunkali muammolarga sabab bo‘luvchi qon aylanish tizimidagi boshqa nuqsonlar kamligidan dalolat berib turibdi.

Tadqiqotchilarning fikricha, hippokampning kam elastikligi shuningdek, neyrodegenerativ kasalliklarning palak otishi va miyaning yangi nerv hujayralari vujudga keltirish hamda ular o‘rtasida bog‘lanish shakllantirish xususiyatining yo‘qotilishi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid