19:12 / 05.05.2017
8294

Yapon kompaniyalari Farg‘ona issiqlik elektr markazini modernizatsiya qilishni boshlashdi

Yaponiyaning Kawasaki Heavy Industries va Marubeni Utilite Services kompaniyalari Farg‘ona issiqlik elektr markazini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirmoqdalar. Bu haqda "O‘zbekenergo" kompaniyasida ma'lum qilindi.  

Kawasaki Heavy Industries va Marubeni Utilite Services qurilmalarni yetkazib, o‘rnatib beradi.

"O‘zbekenergo" ma'lumotlariga ko‘ra, Farg‘ona IEMda va Farg‘ona qozonxonasida yuqori samarador kogeneratsion gaz turbina qurilmalarini tatbiq qilish loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari aprel oxirida boshlangan.  

Loyihaning amalga oshirilishi mintaqada umumiy holda 24 MVt ishlab chiqaruvchi qo‘shimcha manbalarni yaratishga imkon beradi. Natijada stansiya har yili qo‘shimcha 197,24 mln. kVt∙soat elektr energiya va 214,5 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi.   

Loyihaning qiymati 83,6 mln dollarni tashkil qiladi. Loyiha Yaponiyaning yangi energetik va sanoat texnologiyalarini rivojlantirish tashkilotining 49,5 mln dollarlik grant mablag‘lari va "O‘zbekenergo" mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Farg‘ona IEM ayni vaqtda Farg‘ona vodiysidagi yagona elektr stansiyasi hisoblanadi. Stantsiya 1978 yildan foydalanishga kiritilgan. Uning quvvati 305 MVt ni, ishlab chiqaradigan elektr energiya miqdori 560 mln. kVt•soatni tashkil qiladi. 

Top