19:32 / 05.05.2017
23873

Chilonzor va Yunusobod tumanlarida noqonuniy qurilmalar buzilmoqda

Davlatga qarashli turar-joy va binolarni o‘zboshimchalik bilan qayta qurgan yoki o‘zgartirgan shaxslar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ga Sud departamenti. 

To‘g‘ri, Konstitutsiyada har bir shaxsning mulk huquqi kafolatlangan. Shunday bo‘lsada, sud organi jismoniy va yuridik shaxslarni mulkdan foydalanishida qonunga zid xatti-harakati yuzasidan tegishli qaror chiqarishga xaqli. Bir haqiqatni hech xam esdan chiqarmaslik kerak, agarda Davlat uy-joy yoki yer ajratadigan bo‘lsa, u albatta aniq hisob-kitoblarga asoslangan bo‘ladi. Ammo ko‘cha yuziga chiqib qolgan uylar, yo‘llarning tor holatga kelib qolgani, favqulodda vaziyatlar bo‘lgan paytda maxsus xizmat xodimlariga noqulaylik tug‘dirmasmikin? Yoki zilzila vaqtidachi? Eng qiziq tarafi shundaki, aksariyat fuqarolar qurayotgan obekti noqonuniy ekanligini bilib, ogohlantiruvlarga qaramasdan o‘z ishida davom etgan.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 73-1-moddasida belgilanganidek, qarzdorning imoratini majburiy buzib tashlash xolislar ishtirokida va ichki ishlar organlarining xodimlari ko‘magida sud ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar  sud ijrochilarining tuman bo‘limlari ish yurituvida 2017 yilning hozirgi davriga ko‘ra jami 915 ta ijro hujjatlari mavjud.

Ayni damda Chilonzor va Yunusobod tumanlarida noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda buzish bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda.

Top