O‘zbekiston | 18:55 / 11.05.2017
34394
8 daqiqa o‘qiladi

«Bir makon, bir yo‘l»: Mirziyoyev ishtirok etadigan forum haqida nimalar bilamiz?

Foto: tren.cat

Xitoyga 11–13 may kunlari davlat tashrif bilan borayotgan prezident Sh.Mirziyoyev 14–15 may kunlari Chin yurtida tashkillashtirilayotgan xalqaro hamkorlik bo‘yicha «Bir makon, bir yo‘l» strategiyasi doirasidagi oliy darajadagi forumda ham ishtirok etadi.

Avvalroq Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vang Yi formuda 28 prezident va bosh vazirlar ishtirok etishini ta'kidlab o‘tgan edi. Bu yilgi forumda ishtirok etishni O‘zbekiston, Argentina, Belarus, Chili, Chexiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Filippin, Rossiya, Shveytsariya, Turkiya, Vetnam prezidentlari, Kamboja, Efiopiya, Fiji, Yunoniston, Vengriya, Italiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston bosh vazirlari, Myanma davlat kotibi, shuningdek, Pokiston, Polsha, Serbiya, Ispaniya, Shri-Lanka bosh vazirlari tasdiqlashgan.

Keling, ushbu yirik xalqaro anjuman haqida to‘xtalsak. Uni o‘tkazishdan maqsad nima, u istiqbolda nimalarni nazarda tutadi?

Forum g‘oyasi qachon paydo bo‘ldi?

Forum konsepsiyasi ilk bor XXR raisi Si Jinping 2013 yilning kuzida Markaziy Osiyo davlatlari va Indoneziyaga tashrif buyurganda ochiqlangan edi. «Bir makon, bir yo‘l»ni barpo etish Xitoyning yangi hukumati oldiga qo‘yilgan muhim masalalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. O‘shanda XXR tashqi ishlar vaziri Vang Yi bu tashabbusni amalga oshirish 2015 yilda XXR tashqi siyosiy faoliyatining «fokusi»ga aylanishi aytib o‘tgan edi.

Xitoy tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbusning mohiyati — Xitoy ishtirokidagi mavjud mintaqaviy ikki tomonlama va ko‘ptomonlama mexanizmlar va o‘zaro ta'sir strukturalarini mustahkamlagan holda, xalqaro hamkorlik va taraqqiyotning yangi modelini izlab topish, shakllantirish va ilgari surishni nazarda tutadi. Qadimiy Ipak yo‘li ruhiyatini rivojlantirish va davom ettirish asnosida «Bir makon, bir yo‘l» mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, jalb etilgan davlatlarning iqtisodiy ravnaq topishini rag‘batlantirish, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi turli sohalardagi madaniy ayriboshlash va aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, tinchlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish yotadi.

Xitoyning rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, «Bir makon, bir yo‘l» rivojlanayotgan davlatlar, jumladan, yangi iqtisodiyotlar va rivojlangan davlatlardan iborat Yevroosiyo materigining katta qismini qamrab oladi. Megaloyiha hududida juda boy resurslar zaxiralari bor, bu yerda Yer kurrasining 63 foiz aholisi istiqomat qiladi, taxmin qilinayotgan iqtisodiy miqyos esa 21 trillion AQSh dollariga teng.

Umumiy manfaatlarga asoslangan hamjamiyat

«Bir makon, bir yo‘l»ning birgalikda qurilishi har bir davlatning solishtirma ustunligidan yaxshiroq foydalanish imkonini beradi va iqtisodiy jihatdan biri birini to‘ldirish holatini rivojlanishning yangi harakatga keltiruvchi kuchiga aylantiradi.

Tashabbus savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surish uchun keng iqtisodiy hamkorlikka tayanadi. U mag‘lub bo‘lmaydigan strategiyalar hukmron bo‘lgan yangi iqtisodiy yuksalish olamini nazarda tutadi.

Umumiy mas'ullikdagi hamjamiyat

Garchi «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini Xitoy ilgari surgan bo‘lsa ham, taklif etilgan yo‘nalishlar atrofidagi va qiziqish bildirayotgan mamlakatlarning ishtiroki uni amalga oshirishda o‘ta muhim.

Milliy manfaatlar va ustuvorliklarning bir-biriga zid kelishi, shuningdek, kutilmagan vaziyatlar jiddiy to‘sqinlik qilishi turgan gap. Shu bois, keng asosda maslahatlashuvlar zarur bo‘ladi. Faqatgina birgalikdagi jon kuydirish va umumiy mas'uliyat har qanday tahdidni zararsizlantirishi mumkin.

Umumiy kelajakka ega hamjamiyat

«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida umumiy kelajakka ega bo‘lgan hamjamiyat faqatgina umumiy manfaatlar va umumiy mas'uliyatlar asosida barpo etilishi mumkin.

Shunday qilib, manfaatlar mos kelishi va o‘zaro iqtisodiy evaz taraqqiyotning yangi harakatga keltiruvchi kuchiga aylanadigan savdo va investitsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun doimiy ravishda tirishish kerak.

Bir vaqtning o‘zida, barcha davlatlar xalqaro muammolarni hal qilish va barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda hamkorlik asosini shakllantirishi uchun kuchlarini birlashtirmog‘i lozim bo‘ladi.

Yashil taraqqiyotning Ipak yo‘li

Yashil taraqqiyotning Ipak yo‘li tashabbusi tegishli davlatlarning ekologik sig‘imini hisobga olgan holda, iqtisodiy o‘sish va atrof-muhit muhofazasi o‘rtasida puxta muvozanat talab etadi.

Ekologik himoya, cho‘llarning kengayishini profilaktika qilish va unga qarshi kurashish, shuningdek, ekologik toza energiya sohasida «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini amal oshirishni strategik rejalashtirishda ham muhim ahamiyat beriladi.

Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikning Ipak yo‘li

Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikning Ipak yo‘lini qurish «Bir makon, bir yo‘l» bo‘ylab joylashgan mamlakatlardagi jamoatchilik salomatligini yaxshilashga qaratilgan.

Asosiy choralar sog‘liqni saqlash sohasida siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlarning faollashuvi va fikr almashinuvi, sog‘liqni saqlash sohasida mexanizmlar yaratish, xalqaro standartlar va me'yorlarni joriy etish, kasalliklar ustidan nazorat va profilaktika sohasida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, tarkibni o‘qitish va salohiyatni mustahkamlash kabi jihatlarni qamrab oladi.

Aql-idrok Ipak yo‘li

Aql-idrok Ipak yo‘li «Bir makon, bir yo‘l» bo‘ylab joylashgan davlatlarda ixtisoslashgan kadrlar yetishmovchiligi kuzatilganda iqtidorlilarni rivojlantirishni mustahkamlash va tajriba almashishni nazarda tutadi.

Tashabbusni amalga oshirishda har qanday yangi yuksalish, albatta, yangi muammolarga chulg‘angan bo‘ladi. Bu muammolarni hal qilish aql-idrok bilan ish ko‘rish va tajriba bilan yondashishni taqozo etadi. Shu sababli bu mamlakatlar yechim topishda biri biridan o‘rganishlari juda muhim.

Tinchlik Ipak yo‘li

Tinchlik Ipak yo‘li biri birini to‘ldiruvchi ikki tarkibiy qismga tayanadi: «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi ravnaq topishi uchun zarur bo‘ladigan nisbatan barqaror vaziyat hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka olib keluvchi savdo-sotiq tarmog‘ini yaratish uchun birgalikdagi harakatlar.

Alohida qayd etib o‘tish kerakki «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» loyihasi doirasida transevroosiyo iqtisodiy koridori yaratish nazarda tutilmoqda:

- Shimoliy (Xitoy – Markaziy Osiyo – Rossiya – Yevropa);

- Markaziy (Xitoy — Markaziy va G‘arbiy Osiyo — Fors ko‘rfazi va O‘rta Yer dengizi)

- Janubiy (Xitoy — Janubiy-Sharqiy Osiyo — Janubiy Osiyo — Hind okeani).

Xitoy Xalq Respublikasining adabiyotlarni chet tillarda nashr etish va tarqatish ishlari bo‘yicha Boshqarmasi tomonidan ochiqlangan, yangi xalqaro forum haqidagi ma'lumotlar hozircha mana shulardan iborat.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid