Jahon | 08:16 / 11.05.2017
4132
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya oliy sudi hukumatga pensiyalarni qisqartirishni taqiqladi

Foto:AP Photo / Emilio Morenatti

Hisob palatasi – Gretsiyadagi Oliy sudlardan biri – hukumatning kreditorlar bilan kelishuvida nazarda tutilgan pensiyani qisqartirish haqidagi qarorni inson huquqlari to‘g‘risidagi Yevropa xartiyasini buzadi, deb topdi. Hukumatdagi shaxslar sud qarorini e'tiborga olish va kerak bo‘lganda qonun loyihasiga tuzatishlar kiritishga va'da berishgan.

Sud qarori qonun loyihasi parlamentga kiritilgunga qadar paydo bo‘ldi. Sudyalar fikricha, 2019 yildan boshlab asosiy va qo‘shimcha pensiyalarni 18 foizga qisqartirish inson huquqlari bo‘yicha Yevropa xartiyasiga birinchi qo‘shimcha bo‘lgan bayonnomaga ziddir.

Pensiyalarni qisqartirishni esa xalqaro kreditorlar talab qilmoqda. Bu Gretsiyada islohotning davom etayotganiga ijobiy baho berish va chuqur inqirozda bo‘lgan mahalliy iqtisodiyotga yangi kredit transhlarini ajratishning bir sharti.

Ekspertlar taxminicha, hozirgi pensionerlar soliq solinmaydigan daromad darajasi tushib ketishi hisob olinsa, yiliga bir yarim pensiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. Xususan, bir milliondan ortiq pensionerlar 45 dan 350 yevrogacha yo‘qotadi. Shu bilan birga, qisqartirish past pensiyaga ega bo‘lganlar, bevalar, nogironlik bo‘yicha pensiya oluvchilarni ham qamrab oladi. Hukumat vakilining ma'lum qilishicha, sud qarori tavsiyaviy ko‘rinishga ega ekan.

Qonun loyihasi yaqin kunlar ichida shoshilinch sifatida kiritiladi. Parlamentda u bo‘yicha ovoz berish 18 mayga rejalashtirilgan. Qonun loyihasi Yevroguruhning 22 maydagi yig‘ilishiga qadar qabul qilinishi kerak, aynan o‘shanda Gretsiyaga yangi kreditlarni tasdiqlash va mamlakatdagi islohotlarni baholash bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid