Jahon | 12:24
703
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya dron hujumlaridan so‘ng Qora dengizdagi xatarlar haqida ogohlantirdi

Gretsiya Dengizchilik vazirligi Qora dengizdagi Rossiya portlariga kirishda xavfsizlik choralarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida o‘z flotiga ogohlantirish berdi. Bunday tavsiya 13 yanvar kuni grek kompaniyalari tomonidan boshqarilgan ikki tankerga dronlar hujum qilganidan so‘ng berilgan, deb xabar qildi Reuters agentligi payshanba kuni, 15 yanvarda.

Foto: Yuri Bereznyuk/Tass/picture alliance

Vazirlik hujjatlaridan birida shunday deyilgan: “Qora dengizda va unga tutash dengiz hududlarida bo‘lib turgan tijoriy kemalarga nisbatan tahdidlarni qaytadan baholash tavsiya etiladi. Buni dengiz tashuv kompaniyalarining xavfsizlik xizmati rahbarlari, kapitanlar va grek kemalarining xavfsizlik xodimlari amalga oshirsin”. Reuters qayd etishicha, hujumlar fonida kemalarni harbiy harakatlardan sug‘urtalash qiymati keskin oshgan.

Hujumga uchragan Matilda tankerlaridan birini boshqaradigan Thenamaris kompaniyasi vakili sodir bo‘lgan voqeadan keyin ehtiyot choralari kuchaytirilganini bildirdi. Ekipajga ham hushyorroq bo‘lish va palubada imkoni boricha kamroq harakatlanish tavsiya qilingan.

13 yanvar kuni noma’lum uchuvchisiz apparatlar Qora dengizda Qozog‘iston eksport neftini tashishda ishtirok etgan ikki neft tankeriga hujum qilgan. Gap Malta bayrog‘i ostida harakatlangan Matilda tankeri va Liberiya bayrog‘i ostidagi Delta Harmony kemasi haqida ketmoqda. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, har ikki tanker ham grek kompaniyalariga tegishli bo‘lgan va jiddiy zarar ko‘rmagan. Ekipaj a’zolari ham jabrlanmagan.

Dronlar qayerdan uchib kelgani va hujum uchun kim javobgar ekani hozircha noma’lum. Shu bilan birga, Germaniyaning dpa agentligi Novorossiysk porti yaqinida kemalarga hujum qilgan dronlarni ukrain dronlari deb atagan.

Mavzuga oid