Jahon | 15:10 / 12.05.2017
9875
5 daqiqa o‘qiladi

Bashar Asad: Terrordan foydalanayotgan ayrim g‘arb davlatlari dunyoga hukmron bo‘lmoqchi

Foto: ONT

Suriya Arab Respublikasi prezidenti Bashar Asad Belorussiyaning ONT telekanaliga eksklyuziv intervyu berdi. Suhbat Damashqda 9 may kuni bo‘lib o‘tgan. 

Bashar Asad telekanal sharhlovchisi savollariga javob berar ekan, Suriya xalqining asosiy kuchi vatanparvarligida ekanini ta'kidladi. “Uning milliy o‘zligini anglash darajasi yuqori bo‘lgani ma'naviy kuchiga kuch qo‘shadi. Shu sababli har qanday qiyin holatga ham bardosh bera oladi. Gap faqat urushda g‘alaba qozonish haqida borayotgani yo‘q. Bugungi kunda yangi global tahdid kun tartibiga chiqmoqda. Bu terrorizmdir”, - degan prezident Asad.

U terrorizm g‘oyasi va natsizm mafkurasini taqqoslar ekan, ikki g‘oya va mafkura asosi bir xil, degan fikrni ilgari surdi. 

“Natsistlar nimani xohlagan edi? Ular butun dunyoga hokim bo‘lishni istashdi. Bugungi kunda Suriya xalqi olib borayotgan terrorizmga qarshi urush ham natsizmga qarshi urush kabidir. Chunki, ayrim g‘arb davlatlari, natsistlar kabi, turli millatlar va elatlarda nifoqlar hamda tartibsizliklar keltirib chiqarib, dunyoga hukmron bo‘lish maqsadida terrorizm vositasidan foydalanmoqda. Ular dunyoning zaif davlatlarini o‘zlariga qaram hamda “qo‘g‘irchoq” davlatlarga aylantirish niyatidalar. Shunga ko‘ra, terror bir vaqtning o‘zida shunday siyosatning vositasi va natijasi bo‘lib qolmoqda”, -degan Suriya rahbari. 

Uning aytishicha, minglab yillik tarixga ega bo‘lgan Suriya xalqi g‘arb davlatlari qanchalik xohlashmasin, terrorizm balosi qarshisida o‘zaro parokandalikka uchramadi, balki milliy birligini saqlab qoldi va uni mustahkamladi. “Agar Suriya xalqi menga ishonmaganda yoki hokimiyatimni saqlab qolish uchun kurashayotganimni sezganida, buning uchun yetarli darajada ziyrak, men hamon prezident lavozimida o‘tirmagan bo‘lar edim. Ammo, Suriya xalqi soxta demokratiya va ozodlik nima ekanini yaxshi tushunib turibdi”, - degan SAR yetakchisi. 

Bashar Asad, shuningdek, jurnalistning Idlib viloyatidagi kimyoviy xuruj hamda AQShning raketa zarbalariga nisbatan qarashiga doir savoliga ham javob qaytardi. Uning fikricha, g‘arb mamlakatlarining Suriya hukumatini Suriya xalqiga yomon ko‘rsatishga bo‘lgan urinishlari samara bermagach, ular boshqacha yo‘lni tanlashgan. Ular Suriyaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida G‘arb jamoatchiligining Damashqqa nisbatan salbiy fikrini uyg‘otishga intilmoqda. 

Asadga ko‘ra, ayni vaqtda Amerika rahbari o‘z ma'muriyatida va Kongress bilan kelisha olmayapti. Shunga ko‘ra, uning Suriyaga zarba berishga qaror qilganini ichki siyosatdagi muammolarni hal etish istagi bilan izohlash mumkin. Shu bilan birga, Rossiya va Eron Idlibdagi kimyoviy xuruj bo‘yicha xalqaro tekshiruv o‘tkazishni talab qilganiga qaramay, G‘arb bunga rozi bo‘lmadi. 

Suriya rahbarining aytishicha, uning uchun eng katta bahoni uning xalqi beradi hamda Suriya xalqining unga ishonishi katta mukofotdir. Shu bois, u rahbarlik lavozimidan ketish kerak, deb o‘ylamaydi. Asadning ta'kidlashicha, biror hukumat g‘arb mamlakatlarining manfaatlariga javob bermay qolsa, uni demokratik tamoyillarga mos kelmaslikda ayblay boshlashadi. Shu sababli, Asad G‘arb davlatlarini ikkiyuzlamachilikda aybladi. 

“G‘arb davlatlari hukumatlari yoki matbuotining men haqimdagi fikrlari meni umuman qiziqtirmaydi. Menga xalqimning ishonchi va bahosi kifoya. Axir, G‘arb urushdan avval meni maqtagan, endi esa, men yomonman. Men ularga ishonmayman. Ular ikkiyuzlamachilardir. Mana shu asl haqiqat”, - degan Bashar Asad.  

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid