Sport | 23:13 / 13.05.2017
40530
4 daqiqa o‘qiladi

Uzbek Tigers jamoasi Cuba Domadores ustidan g‘alabaga erishdi

Samarqand shahrida Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning chorak final bahslarining ilk janglari bo‘lib o‘tdi. Unda Uzbek Tigers va Cuba Domadores bokschilari o‘zaro kuch sinashishdi. 

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, har bir vazn toifasidagi janglar 3 daqiqadan 5 raund o‘tkaziladi.

Ringga birinchi bo‘lib, Uzbek Tigers jamoasining 49 kg vzn toifasidagi vakili, Rio-2016 va Osiyo chempioni Hasanboy Do‘smatov Cuba Domadores jamoasining Rio-2016 bronza medali sovrindori, jahon chempioni Joxanus Argilagosga qarshi ringga chiqdi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, 2016 yilda dunyoning eng yaxshi bokschisi Hasanboy Do‘smatov g‘alaba qozondi.

So‘ngra ringga 56 kg vazn toifasidagi sportchilar chiqib kelishdi. Rio-2016 bronza medali sohibi va Osiyo chempioni Murodjon Ahmadaliyev hamda Kuba chempioni Xaver Ibanes ko‘tarilishdi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, Murodjon Ahmadaliyev g‘alaba qozondi.

Uchinchi juftlikda ringga 64 kg vazn toifasida O‘zbekiston va Osiyo chempioni Iqboljon Xoldorov va  Kuba chempioni Endi Kruz chiqib kelishdi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, Endi Kruz g‘alaba qozondi.

Ringga to‘rtinchi bo‘lib 75 kg vazn toifasida O‘zbekiston va Osiyo chempioni Isroil Madrimov Rio-2016 va jahon chempioni Arlen Lopes chiqib kelishdi. Eslatib o‘tamiz, Rio-2016 finalida Lopes 75 kg vazn toifasida Bektemir Meliqo‘ziyevni mag‘lub etgan edi. Hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra, Isroil Madrimov g‘alaba qozondi. 

Ringga so‘nggi bo‘lib 91 kg gacha vazn toifasidagi bokschilar chiqib kelishdi. Bu juftlikda yosh va iqtidorli bokschimiz Sanjar Tursunov va kubalik Erislandi Savon o‘zaro kuch sinashdi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, Sanjar Tursunov o‘zidan ancha tajribali bo‘lgan Erislandi Savonga imkoniyatni boy berdi. Eslatib o‘tamiz, Erislandi Savon mashhur kubalik bokschi Feliks Savonning jiyani hisoblanadi. O‘z vaqtida Ruslan Chagayev Feliks Savonni mag‘lub etgan. 

Shu tariqa birinchi uchrashuvda o‘zbekistonlik bokschilarning qo‘li baland keldi va ular raqiblarini 3:2 hisobida mag‘lub qilishdi.

Uzbek Tigers jamoasi murabbiylari Havanadagi javob uchrashuviga yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan 29-Osiyo chempionati g‘oliblari – Jasurbek Latipov, Elnur Abduraimov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev va Bahodir Jalolovlarni olib borishga qaror qilishdi. Uzbek Tigers va Cuba Domadores jamoalari o‘rtasidagi javob uchrashuvi 20 may kuni bo‘lib o‘tadi.

49 kg: Hasanboy Do‘smatov - Joxanus Argilagos

56 kg: Murodjon Ahmadaliyev - Xaver Ibanes

64 kg: Iqboljon Xoldorov - Endi Kruz

75 kg: Isroil Madrimov - Arlen Lopes

91 kg: Sanjar Tursunov - Erislandi Savon

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid