15:26 / 14.05.2017
14618

Soxta hujjat “tilga” kirganda: Andijonda xususiy firma rahbari jazolandi

Shahrixonlik Abdurafiq To‘ymurodov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda, bundan o‘n sakkiz yil muqaddam “ASIL” xususiy ishlab chiqarish firmasini ta'sis etib, uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib olgan edi. Firma 22 nafar xodimni o‘z tasarrufiga olgan holda ish boshladi. Biroq, tadbirkor to‘g‘ri yo‘ldan borish o‘rniga, bora-bora qing‘ir rejalar tuzib, jinoiy daromad topishdek nomaqbul va oxiri voy ishga qo‘l urdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Qarangki, uning soyasiga salom beradiganlar ham topilib qoldi. Ana shunday shaxslardan – mansabdorlardan bir necha nafarining boshini “qovushtirgan” Abdurafiq kunlarning birida atrofida uyushgan guruh paydo bo‘lganini sezmay ham qoldi. Guruh manfaatlarini himoya qilish, topilgan noqonuniy daromadlarni o‘zaro taqsimlash esa uning vazifasiga aylandi. Dastlab, bir necha bank muassasasi va shoxobchalarida o‘z rahbarlik qilayotgan firma uchun hisob raqami ochdi. Maqsad – mansabdor sheriklaridan kelib tushayotgan mablag‘larni bir joyga jamg‘arish. Bu orada Shahrixon paxta tozalash ochiq aksiyadorlik jamiyati Segazaqum paxta tayyorlov maskanida pilla qurti boqish va maishiy xizmat xonalari qurish bo‘yicha tender savdosi o‘tkazildi. Sheriklari ko‘magida Abdurafiq bu savdoda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zi rahbarlik qilayotgan firma va paxta tozalash ochiq aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida jami 1 mlrd. 145 mln. so‘m qiymatdagi pudrat shartnomasi imzolandi.

Ko‘p o‘tmay, qurilish ishlari yakunlanib, bu yerdan qurilish texnikalari olib chiqib ketildi. “Ana, endi g‘alvirni suvdan ko‘tarsak bo‘ladi”, o‘yladi Abdurafiq. U nafs amriga bo‘ysunib, bajarilgan ishlar hajmi haqida tuzilgan hisobotnomasiga jami 37 million 400 ming so‘mlik ishlarni qo‘shib yozib yubordi va yuqoridagi jamiyat hisobxonasiga taqdim etdi. Bu yerdagilar ham soxta ma'lumotnomadagi raqamlarni tekshirishdan ko‘z yumdilar. Natijada jamiyatning katta miqdordagi mablag‘i havoga sovurildi. Abdurafiq bu ishlar imi-jimida bitganidan xursand edi. U galdagi rejani ko‘zlay boshladi.

Jinoiy harakatlarini davom ettirgan qurilish firmasi rahbari ikkinchi marta mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘yib, Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatadigan viloyat hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mutasaddilari bilan o‘zaro til biriktirib, Oltinko‘l tumani chaqiruv maskani binolarini kapital ta'mirlash bo‘yicha ikkinchi bor tender tanlovida qatnashdi. Bu savdoda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgach, jami 654 million 980 ming so‘mlik pudrat shartnomasi imzolandi. Yil oxirida barcha ishlar nihoyasiga yetdi. “ASIL”ning rahbari yana bajarilgan ishlar haqida hisobotnoma tuzishi va uni buyurtmachiga taqdim etishi lozim edi. U bu gal ham vijdon emas, jig‘ildon amriga qo‘ndi. Natijada tuzilgan ma'lumotnomaga soxta yozuvlar kiritib, takroran firibgarlik yo‘li bilan aslida bajarilmagan 13 million 978 ming so‘mlik qurilish-montaj ishlarini qo‘shib yozdi. Qalbakilashtirilgan bu hujjat ham o‘z egalariga yetib bordi va takroran davlat mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Biroq, bu kabi olg‘irliklarga qonun qarab turarmidi?!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda barcha holatlar zarur dalil va ashyolar orqali o‘z tasdig‘ini topdi. Soxta hujjatlar o‘zligini oshkor qildi. Qilingan ishlarni orttirib ko‘rsatish Abdurafiqning obro‘si va unga bo‘lgan ishonch kamayishiga omil bo‘ldi. U O‘zbekiston JKning tegishli modda va bandlariga ko‘ra aybli deb topildi. Unga nisbatan jinoyat qonunchiligi tamoyillariga asosan jazo muqarrarligi ta'minlandi. 

Top