13:23 / 15.05.2017
7578

Xitoyliklar «Gazprom» yordamida yer ostida gaz saqlashmoqchi

Rossiyaning «Gazprom» va Xitoyning CNPC kompaniyalari Xitoyda yer ostida gaz saqlash joyini yaratish bo‘yicha loyihadan avvalgi tadqiqotlar uchun shartnoma imzoladi, deb xabar bermoqda Gazeta.ru.

«ShenShen 2-1 gaz konlari, Baytszyuy nam saqlaydigan qatlamlari va ChuChjou tuz bo‘shliqlari negizida yer osti gaz saqlash joylarini yaratish bo‘yicha loyihadan avvalgi tadqiqotlarni o‘tkazish uchun uchta shartnoma imzolandi», - deyiladi xabarda.

Xitoyning PetroChina kompaniyasi qoshidagi neftgaz konlarini qidirish va ulardan foydalanish bo‘yicha Ilmiy-tadqiqot institutining Lanfan filiali loyihadan avvalgi tadqiqotlar buyurtmachisi sanaladi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiya gazni saqlash bo‘yicha joyni yaratish va undan foydalanishga oid asosiy texnologiya jihatlarini ishlab chiqadi.

Shuningdek, Xitoyning CNPC va China Huaneng Group kompaniyalari «Gazprom» bilan Xitoy hududida elektr energetikasi sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishishgan. 

«Aleksey Miller va Van Ilin «Gazprom», CNPC va China Huaneng Group o‘rtasida XXR hududida elektr energetikasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolashdi. Hujjatda tomonlar issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini o‘rganib chiqishi belgilangan», - deya aniqlik kiritiladi xabarda.

Bundan tashqari, Aleksey Miller va Van Ilin «Yevropa — G‘arbiy Xitoy» xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish doirasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum ham imzolashdi.

Top