08:54 / 15.05.2017
5556

Microsoft prezidenti: “Global kiberhujum butun dunyo uchun xavotirli qo‘ng‘iroq”

Foto: AP Photo / Michel Euler

Microsoft prezidenti va bosh huquqiy maslahatchisi Bred Smitning fikricha, juma kuni yuz bergan global kiberhujum butun dunyo uchun “xavotirli qo‘ng‘iroq” bo‘lib xizmat qilishi kerak.

"Jahon davlatlari hukumatlari hujumni xavotirli qo‘ng‘iroq sifatida qabul qilishlari kerak", - deya yozdi Smit o‘z blogida. Uning fikricha, bu hujumdan tegishli xulosalar chiqarish kerak, shu orqali “kelajakda bunday hujumlarga chap berish imkoni yaratiladi”. Uning fikricha, barcha davlatlar “boshqa uslubni yaratishi va kibermakonda, xuddi jismoniy dunyoda qurol bilan bog‘liq bo‘lgandek, qat'iy qoidalarni qo‘llashi lozim”. Uning qayd etishicha, hukumatlar “aholiga yetkazilgan zararni ko‘rib chiqishi” kerak.

Avvalroq Yevropol direktori Rob Ueynrayt kiberhujumlar seriyasi dushanba kuni ertalab davom etishi mumkinligi haqida ma'lum qilgandi. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, keng ko‘lamli kiberhujum dunyoning 150 davlatidagi 200 ming foydalanuvchini qamrab olgan.

Avast antivirusi ishlab chiqaruvchilarining juma kuni xabar berishicha, WanaCrypt0r 2.0 virusi orqali 57 mingta xakerlik hujumi ro‘y bergan. Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, virus birinchi navbatda Rossiya, Ukraina va Tayvanda tarqatilmoqda. 

Top