Jahon | 23:43 / 16.05.2017
5800
3 daqiqa o‘qiladi

Volgograddagi turar-joyda gazning portlashi - voqea sabablari, qurbonlar, kompensatsiya

Foto: RIA

16 may kuni Volgograddagi turar-joyda maishiy gaz portlagan holat qayd etilib, 3 kishining hayotdan ko‘z yumgani, 10 nafarining jarohatlangani ma'lum qilinganidan keyin mazkur voqea yuzasidan "Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ishlarning bajarilishi yoki xizmatlar ko‘rsatilishi" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, maishiy gazning portlashi kompaniyalardan birining binodan tashqarida olib borgan noqonuniy faoliyati natijasida yuz bergan. Kompaniya suv quvuriga ulanishni rejalashtirgan bo‘lgan, oxir-oqibat gaz quvuriga ziyon yetgan va gazning sizib chiqishi portlashni keltirib chiqargan. 

Volgograd viloyati hukumati turar-joyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya to‘lash masalasini hal qilmoqda. U yerdagi aholi evakuatsiya qilingan va vaqtinchalik yashash joylariga joylashtirilgan. Voqea joyida qutqaruvchilar ishlashda davom etishmoqda.

Seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:06da qutqaruvchilarga Universitet prospektidagi 60-uyning bir qismi o‘pirilib tushgani haqida xabar berilgan. Hozirda qutqaruvchilar vayronalar ostida hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun "so‘nggi g‘isht"gacha o‘rganib chiqishmoqda. Shuningdek u yerda favqulodda holatlar tibbiyot markazi psixologlari ham ish olib borishmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vakilining RIA "Novosti"ga ma'lum qilishicha, taxminan 16 kvartira vayron bo‘lgan, shulardan 10 tasi to‘liq yo‘q bo‘lgan. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, portlash natijasida pod'yezdning to‘rt qavati o‘pirilib tushgan.

Dastlab ikki kishining halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi, keyingi ma'lumotlarga ko‘ra esa, 3 nafar kishi hayotdan ko‘z yumgan, 10 nafari jarohatlangan. Jarohat olganlarning barchasi shifoxonalarga joylashtirilgan. RF TK halok bo‘lganlar sonining 3 nafarga yetganini tasdiqlagan.

"Qidiruv ishlari olib borilmoqda, jarayonga 420 kishi, 27 ta texnika jalb qilingan. 4 kishidan iborat psixologlar jamoasi ish olib bormoqda", - deyiladi manbada.

"Tergovchilar hozirda barcha guvohlar va shu uyda yashovchi fuqarolarni, shuningdek ro‘y bergan jarayonga aloqador barcha shaxslarni so‘roq qilishmoqda. U yerda biryo‘la bir necha xizmatlar ishchilari jalb qilingan bo‘lgan, shu bois hamma so‘roq qilinmoqda", - deydi TK vakili.

Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, 1958 yilda qurilgan mazkur uyda 90 dan ziyod kishi yashagan. Mintaqa FVV vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu uyda 97 nafar kishi, shu jumladan 6 bola ro‘yxatdan o‘tgan. Turar-joyda jami 45 ta kvartira bo‘lgan, 16 tasi talofat ko‘rgan - ularda 24 nafar kishi, shu jumladan 1 bola istiqomat qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid