Jahon | 12:24
2876
4 daqiqa o‘qiladi

Balashixada yana bir general o‘ldirildi

Moskva tashqarisidagi shaharda avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma harakatga keltirilishi oqibatida haydovchi halok bo‘ldi. Telegram-kanallarga ko‘ra, u Rossiya mudofaa vazirligi Bosh raketa-artilleriya boshqarmasi boshlig‘i Damir Davidov edi.

Foto: The Insider

9 iyun kuni ertalab soat 5:30 atrofida Moskva tashqarisidagi Balashixa shag‘rining Aviatorlar mikrorayoni Koldunov ko‘chasida BMW X3 rusumli avtomobil portladi. Portlash mashina avtoturargohdan ketayotganida ro‘y bergan. Uning haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan.

Moskva oblasti tergov qo‘mitasi va prokuratura Balashixada portlash ro‘y berganini tasdiqlagan, ammo halok bo‘lgan haydovchi shaxsini keltirmagan. Tergov qo‘mitasi holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar qilgan, ammo ish aynan qaysi modda bo‘yicha ochilganiga aniqlik kiritilmagan.

Manbalarga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs Rossiya mudofaa vazirligi Bosh raketa-artilleriya boshqarmasi boshlig‘i Damir Davidov edi. Bu haqda dastlab «VChK-OGPU» telegram-kanali yozdi, xabarda Davidov general-leytenant ekani aytilgan. Keyinroq Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Sergey Sternenko, shuningdek, Ukrainadagi Insider UA nashri ham bu ma’lumotni takrorladi. Astra telegram-kanali manbasiga ko‘ra, avtomobil ostiga qo‘lbola portlovchi qurilma joylashtirilgandi. «Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, bu trotil ekvivalentida taxminan 500 gramm quvvatga ega qurilma bo‘lgan.

Damir Davidov «Mirotvorets» sayti bazasiga kiritilgan. Ukrainadagi resurslarga ko‘ra, Davidov 57 yoshda bo‘lib, u Penza-19 (Zarechniy) shaharchasida o‘sgan, uning otasi Rafail Davidov yadroviy raketalar ishlab chiqariladigan «Start» ishlab chiqarish birlashmasida ishlagan. Rossiya kuchishlatar tuzilmalariga yaqin hisoblangan Shot telegram-kanali esa Davidov 62 yoshda bo‘lganini yozgan.

Rossiyadagi resurslarda Davidov haqidagi ma’lumotni Mudofaa vazirligining «Krasnaya zvezda» gazetasining 2009 yil dekabr oyidagi maqolasida uchratish mumkin. U yerda uni Mudofaa vazirligi Raketa-artilleriya bosh boshqarmasining 51-arsenali qoshidagi Markaziy sinov texnik byurosi komandiri bo‘lgan polkovnik deb ko‘rsatishgan. Davidov tilga olingan yana xabar 2019 yilga mansub bo‘lib, u o‘shanda Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy delegatsiyasi tarkibida Qozog‘istonga Bosh raketa-artilleriya boshqarmasi  boshlig‘i lavozimida kelgandi.

Rossiya huquq-tartibot idoralari hozirgacha Balashixadagi portlashda halok bo‘lgan shaxsning ismini ochiqlamadi. «Agenstvo» qayd etishicha, ilgari shunga o‘xshash holatlarda suiqasd qurbonlarining ismlari shu kunning o‘zida ma’lum bo‘lgan.

Ushbu portlash ro‘y bergan Balashixadagi Aviatorlar mikrorayoni avvalboshdan harbiy pensionerlar kvartali bo‘lishi rejalashtirilgandi. Bu yerda 2025 yil aprelida ham RF qurolli kuchlari bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaroslav Moskalikning avtomobili portlatilgandi. Tergov qo‘mitasi o‘shanda Ukraina xavfsizlik xizmati topshirig‘i bilan sodir etilgan terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan, uning ijrochisi sifatida Ignat Kuzin hibsga olingandi. O‘sha yil noyabrida u umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid