O‘zbekiston | 20:44 / 17.05.2017
4990
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot vazirligida “Bilim almashish dasturi” doirasida Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 17 may kuni Iqtisodiyot vazirligida “Bilim almashish dasturi” (Knowledge Sharing Program)ning katta maslahatchisi janob Yon Kon Chin boshchiligidagi Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga Iqtisodiyot vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Delegatsiya tashrifi chog‘ida 2016-2017 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan “Bilim almashish dasturi” doirasidagi loyihalar bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalarini tegishli vazirlik va idoralar bilan muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik hamkori ekanligi, hamda mazkur dastur doirasida qo‘shma loyihalarni O‘zbekiston tomoni bilan amalga oshirish alohida ahamiyat kasb etishi Koreya delegatsiyasi tomonidan ta'kidlab o‘tildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikka e'tiborni kuchaytirgan holda o‘zaro munosabatlarni hamda 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan yangi loyihalarning amalga oshirilishini faollashtirishga kelishib olishdi. 

Ma'lumot uchun, “Bilim almashish dasturi” Koreya tajribasi asosida hamkor davlatlarga milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni takomillashtirish bo‘yicha ko‘mak berish maqsadida Koreya Respublikasi hukumati tomonidan joriy qilingan. Ushbu dastur doirasida loyihalar hamkor mamlakat tomonidan belgilangan yo‘nalish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar, Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda ushbu yo‘nalishlarni yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan hisobotni tayyorlash orqali amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid