22:13 / 17.05.2017
16777

Samarqandlik Ikkinchi jahon urushi faxriylari uchun katta bayram tadbiri uyushtirildi

Ikkinchi jahon urushiga Samarqand shahridan 26 ming 540 nafar fuqaro safarbar etilgan. Ulardan 10 ming 579 nafari urushdan qaytib kelmagan. Shundan ko‘rinib turibdiki, mash'um urush juda ko‘p xonadonga og‘ir kulfat va musibat olib kelgan.  

O‘zbekistonning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Samarqand shahrida ham 9 may — Xotira va qadrlash kuni keng nishonlandi. Bu muqaddas ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida Samarqand shahrida Xotira va qadrlash kunini nishonlash bo‘yicha shahar hokimining qarori qabul qilinib, tasdiqlangan chora-tadbirlarga asosan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda front orti mehnat faxriylari holidan xabar olinib, joylarda bayram tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi Axborot xizmati “Kun”ga xabar bermoqda. 

Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriysi hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltirish, mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an'analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish asosiy maqsad qilib belgilanganini ta'kidlash joiz.

Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi 31 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning maxsus tabriknomasi, avtomashina uchun sertifikat, 2 million so‘m pul mukofoti, oziq-ovqat mahsulotlari, kostyum-shim va boshqa sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, 386 nafar front orti mehnat faxriysi holidan xabar olindi. Ularga ham sovg‘a-salomlar topshirildi. 

Joriy yilning 3 may kuni o‘tkazilgan bayram tadbirida 18 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi ishtirok etdi. Ularning har birlarining uylariga avtomashinalar yuborilib, bayramdagi ishtiroklari ta'minlandi.

O‘tkazilgan tadbirlardan va ko‘rsatilgan g‘amxo‘rliklardan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda front orti mehnat faxriylaridan Rashid Rahmonov, Mixail Vasilevich Kolmogorov, Georgiy Avetisovich Gazarov, Abdullo Karimov, Isaak Molochnikov va Nelya Sarkisovalar Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirishdi.

Top