Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiyada chorvani islom me'yorlariga ko‘ra so‘yishning man qilinishiga qarshi chiqilmoqda
Belgiyaning musulmon va yahudiy jamoalari vakillari fransuz tilida so‘zlashuvchi Valloniya viloyati hududiy parlamentining islom me'yorlari bo‘yicha chorvani so‘yishni man qilish qaroridan norozi bo‘lmoqdalar.
"Anadolu" axborot agentligining xabar berishicha, Belgiya aholisining 6% ini tashkil qiluvchi musulmon va yahudiy jamoalari vakillari, ularning fikricha, mamlakat aholisining din erkinligi huquqini kamsituvchi ushbu qarorni bekor qilishga erishmoqchilar.
Belgiya musulmonlar uyushmasi boshlig‘i Saloh Echallaouning aytishicha, musulmon jamoa vakillari Valloniya parlamentini bunday qaror chiqarishdan oldin ularning fikrlariga quloq tutishga bir necha bor chaqirishgan.
“Men shaxsan o‘zim parlament spikeriga ushbu masala bo‘yicha biz bilan maslahatlashish haqidagi maktubni yuborganman. Biz murosaga borishga tayyor edik, lekin parlament bizning fikrimizga quloq tutmay, shoshqaloqlik bilan qaror qabul qildi”, dedi Echallaou.
Uning so‘zlaricha, musulmon va yahudiy jamoalari vakillari ushbu muammoni Belgiya qonunlariga muvofiq hal etish uchun birgalikda harakat qilmoqchilar. "Birinchi navbatda bu qaror bo‘yicha Konstitutsion sudda bahslashmoqchimiz", deb aytdi Echallaoui.
Belgiya bosh ravvini Elbert Gigining aytishicha, Valloniya parlamenti qarori bu ikkala jamoa vakillari uchun ham fojiadir. "Bu qaror demokratik davlat hisoblangan Belgiyada inson huquqlarini, jumladan din erkinligi huquqini buzadi. Bu adolatsiz qarordir", deb ta'kidlab o‘tdi Gigi.
Gining aytishicha, parlament deputatlari chorvani diniy me'yorlarga ko‘ra so‘yish musulmon va yahudiylar uchun muhim ahamiyatga egaligini anglamayaptilar.