18:01 / 18.05.2017
21410

Bir ayolning bezoriligi 40 mln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazdi

Toshkent shahar IIBB bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida bir ayolning bezorilik bilan ichki ishlar idoralariga yolg‘on xabar bergani 40 mln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazgani haqida ma'lum qilindi. Shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilning 13 may kuni soat 10:00larda, o‘zini “Shodmonova Shahrina Alisher qizi” deb tanishtirgan shaxs Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasining “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Yunusobod tumani hududida joylashgan “Megaplanet” gipermarketining 3-qavatida 2 nafar hijob o‘ragan ayollar, ushbu binoda “bomba” borligi haqida gaplashayotganliklarini eshitib qolganligi haqida xabar bergan.   

Mazkur xabar asosida Ichki Ishlar Vazirligi, Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi va boshqa maxsus xizmatlarning xodimlari “Megaplanet” gipermarketiga zudlik bilan yetib borib, o‘rnatilgan tartibda fuqarolarni binodan evakuatsiya qilib, maxsus vositalar bilan tekshirilganida, binoda portlovchi moddalar yo‘qligi aniqlangan. 

Bundan tashqari, 2017 yilning 14 may kuni soat 11:00larda, o‘zini “Shodmonova Shahrina Alisher qizi” deb tanishtirgan shaxs, takroran Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasining “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Shayxontohur tumani hududida joylashgan “Makro-Samarqand darvoza” gipermarketining 3-qavatida 2 nafar hijob o‘ragan ayollar, ushbu binoda “bomba” borligi haqida gaplashayotganliklarini eshitib qolganligi haqida xabar bergan.    

Mazkur xabar asosida Ichki Ishlar Vazirligi, Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi va boshqa maxsus xizmatlar xodimlari “Makro-Samarqand darvoza” gipermarketiga zudlik bilan yetib borib, o‘rnatilgan tartibda fuqarolarni binodan evakuatsiya qilib, maxsus vositalar bilan tekshirilganida, binoda portlovchi moddalar yo‘qligi aniqlangan. 

Olib borilgan tergov-tezkor chora-tadbirlar natijasida mazkur jinoyatni muqaddam o‘g‘rilik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan Aqmaral Isabekova sodir etganiga oydinlik kiritilgan. 

Fuqaro Isabekovaning g‘ayriqonuniy harakatlari natijasida  davlat va jamiyat manfaatlariga jami bo‘lib 40 mln so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan. 
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi, ya'ni “bezorilik” alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan  qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Top