Jamiyat | 19:15 / 19.05.2017
8202
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 126 nafar imkoniyati cheklangan kollej bitiruvchisi ish bilan ta'minlanadi

Samarqandda 16 mayda boshlanib, 20 maygacha davom etadigan va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash maqsadida o‘tkazilayotgan “Eng yaxshi mutaxassis” va “Eng yaxshi biznes loyiha” ko‘rik-tanlovi ishtirokchilari orasida imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun  ixtisoslashtirilgan maxsus kasb-hunar kollejining 126 nafar o‘quvchisi ham bor. 

Samarqand tumani markazi Gulobod qo‘rg‘onida joylashgan ushbu kollejning kasbiy ta'lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari Qahramon Nazarovning so‘zlariga qaraganda, o‘quv yurtida O‘zbekistonning sakkizta viloyatidan kelgan 265 nafar yengil darajadagi aqli zaif, harakat tayanch a'zolarida nuqsoni bo‘lgan hamda kar-soqov o‘quvchi tahsil oladi. Ular 10 yillik maxsus maktabni bitirgach, kollejda ikki yil o‘qib, kasb o‘rganishadi. Kollejda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha ta'lim beriladi. Bular -  poyabzal ishi, tikuvchilik ishlab chiqarish, maishiy xizmat va uy-ro‘zg‘or asboblarini ta'mirlash ustasi, duradgorlik va pol yotqizish ishlari ustasi.  

“Har yili bitiruvchilarimizni ish bilan ta'minlash borasida kerakli yo‘nalishda ishlar olib boramiz. O‘tgan yilgi bitiruchilar kollejda olgan ixtisosi bo‘yicha ishlamoqda. Ulardan ayrimlari hatto o‘z ishini ochib, xususiy tadbirkor sifatida faoliyat yurgizmoqda”, - deydi Q.Nazarov.

Ko‘rik-tanlovning ikkinchi kuni bu yerga tashrif buyurgan viloyat hokimi Himmat Oqbo‘tayev boshchiligidagi tuman va shahar hokimlari, korxonalar rahbarlaridan iborat guruh kollej o‘quvchilarining ishlari bilan ham tanishdi. Kattalarning e'tiboridan xursand bo‘lgan bitiruvchilar o‘z ishlari – poyabzal ta'mirlashga zo‘r berib kirishib ketishdi.

Umuman olganda, viloyatning 160ta kasb-hunar kollejida 112 mutaxassislik bo‘yicha 53 ming nafardan ko‘proq yoshlar bitiradi. Ulardan 26 ming nafardan ko‘prog‘ini qizlar tashkil etadi. Shunisi diqqatga sazovorki, bitiruvchilarning deyarli 98 foizi korxona va tashkilotlar bilan to‘rt tomonlama shartnomalar tuzgan. 

Ko‘rik-tanlovning tantanali qismida so‘zga chiqqan H.Oqbo‘tayev tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan bitiruvchilarga Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan 2017 yilda 50 mlrd.so‘m ajratish mo‘ljallanganligini ta'kidladi. Bitiruvchilardan deyarli to‘rt ming kishining ro‘yxati tuzilib, banklarga taqdim etilgan. E'tiborli tomoni shundaki, hali kollejni tugatmasdan turib, 293 nafar bitiruvi banklardan 2 mlrd. 681 mln. so‘m kredit olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. 

Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Azizbek Nasimov bunday tadbir Samarqandda ikkinchi marta o‘tkazilayotganligini va u bitiruvchilarni ish bilan ta'minlashda muhim o‘rin tutayotganligini uqtirdi. Uning ta'kidlashicha, ish beruvchilar bitiruvchilarning kasbiy mahoratiga baho berish va o‘zlariga kerakli ixtisos sohibini tanlash imkoniyatidan foydalanishadi. Shu yerning o‘zida to‘rt tomonlama shartnoma imzolanadi. 

Toshpo‘lat Rahmatullayev
Muallif tushirgan suratlar 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid