Jahon | 19:29 / 22.05.2017
3613
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda to‘lovchining yuzini tanishga asoslangan to‘lov usuli yo‘lga qo‘yiladi

Foto:Jie Zhao/Corbis via Getty Images

Ant Financial kompaniyasi (Alibaba internet gigantining sho‘'ba korxonasi) Xitoyda to‘lovlarning yangi usulini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bunda inson yuzini tanishga asoslangan yangi biometrik texnologiya qo‘llanadi. "Sinxua" agentligi shu haqda xabar berdi. 

"Hozirga qadar tajriba bosqichi yakunlandi, yaqin kelajakda mazkur ishlanma amalda qo‘llanadi", - dedi jurnalistlarga kompaniyaning innovatsion loyihasi rahbari Chen Tszidun.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xarid uchun to‘lovni amalga oshirishda iste'molchi sotuvchiga skanerlash uchun yuzini ko‘rsatsa bo‘lgani. Shu bilan birga o‘z mobil telefonining oxirgi to‘rt raqamini tizimga kiritish lozim. Yuzdan tanish dasturi firibgarlik xavfini bartaraf qilish maqsadida pullarni surat yoki videodan foydalanayotgan g‘araz niyatli kimsa emas, tirik odam o‘tkazayotganiga ishonch hosil qilishi kerak.

Shu bois do‘konda to‘lovni amalga oshiradigan kishilarga yuz ifodasini o‘zgartirish, kiprik qoqish yoki shunchaki boshini qimirlatish taklif etiladi - tanuvchi mashina tahlil o‘tkazib, uning asosida bitimni avtorizatsiyalashtiradi. 

Yangi texnologiyani qo‘llashga doir aniq sana haqida ma'lumot berilmadi, biroq, agentlik xabariga ko‘ra, texnologiya hukumat tomonidan tasdiqlangan va hatto Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligining eng noyob 10 innovatsiyasi reytingidan o‘rin olgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid