O‘zbekiston | 00:39 / 23.05.2017
33278
2 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaga yana o‘zgartirish kiritiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi 27 may kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma'lum qildi.  

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirish, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasini amalga oshirish Davlat dasturini izchillik bilan amalga oshirishga qaratilgan bir qator qonunlar kiritiladi.    

Ular orasida "O‘zbekiston Konstitutsiyasining ba'zi moddalariga (80, 93, 108 va 109-moddalar) o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi, "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida"gi va yana boshqa bir qator qonunlar bor.

Yalpi majlisda senatorlar bir qator xalqaro kelishuvlar va konvensiyalarni ratifikatsiyalash haqidagi qonunlarni, jumladan O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik haqidagi kelishuvni ratifikatsiyalash to‘g‘risida"gi qonunni ko‘rib chiqadilar.

Bular bilan bir qatorda majlis kun tartibiga Xiva shahri va Xorazm viloyatining Xiva tumani chegarasini o‘zgartirish va Xiva, Shahrisabz shaharlarini viloyat tasarrufidagi shaharlar toifasiga kiritish, Jizzax viloyatidagi Zomin va Zarbdor tumanlari chegaralarini o‘zgartirish haqidagi masalalar kiritilgan.

Senatorlar, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining vazirlik tomondan tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha qilingan ishlari va bu sohadagi istiqbollar haqidagi hisobotini tinglaydilar.

Majlisda Senat vakolatiga tegishli boshqa bir qator masalalarni ko‘rib chiqish ham rejalashtirilgan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid