Jahon | 23:18 / 24.05.2017
15807
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Qozog‘istondan suvni tortib olmasligini va'da qildi

«Bir kamar, bir yo‘l» forumidan so‘ng 23 may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan XXRning Qozog‘istondagi elchisi qatnashgan matbuot anjumanida ham Qozog‘iston-Xitoy munosabatlari yoritildi. Elchi Chjang Xanxuey matbuot anjumanida qozog‘istonliklarni tashvishga solayotgan savollarga ham javob berishga harakat qildi.

Birinchidan, bir necha yillardan beri e'lon qilib kelinayotgan loyihalarga ko‘ra Xitoydan Qozog‘istonga ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘chirish bo‘yicha elchining pozitsiyasi oydinlashtirildi. Masala o‘ta og‘riqli hisoblab kelinadi, chunki qozog‘istonliklar xitoylik mehnat migrantlarining yoppasiga ko‘chib kelishidan va ochilajak yangi korxonalar ekologiya me'yorlariga rioya qilmasligidan cho‘chishadi.

«Biz ishlab chiqarish quvvatlari bo‘yicha qo‘shma loyiha ustida ishlamoqdamiz, bu ro‘yxatga allaqachon 51 ta loyiha kiritilgan. Loyihalarning umumiy hisobdagi qiymati 27 milliard AQSh dollaridan oshadi. Allaqachon 3 loyiha yakunlangan, yana 5 tasi qurilmoqda va 7 ta loyiha ochilishga tayyor. Bu sohadagi hamkorlik birinchidan o‘zaro manfaatli bo‘lsa, ikkinchidan ulkan salohiyatni yuzaga chiqaradi, deb hisoblaymiz. Har ikki tomon o‘zining ustunlik taraflarini namoyish eta oladi. Biz faqat har ikki mamlakat manfaatlari uchun ishlaymiz», — dedi Chjang Xanxuey.

Muhimligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda suv masalasi turadi. Qozog‘iston bir necha yillardan buyon transchegaraviy daryolar: Ili va Irtishning suvini bo‘lish masalasidan tashvishga tushib kelmoqda. Shinjong-Uyg‘ur muxtor tumanining shiddat bilan taraqqiy topayotgani bu daryolar o‘zanida ko‘plab kanallar va suv omborlari qurilishiga sabab bo‘lmoqda, bu esa Qozog‘iston tomonining suv sarfiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Biroq so‘nggi paytlarda muzokaralarda rivojlanish ko‘zga tashlanmoqda, bunga sabab qilib Qozog‘istonning Xitoyga gaz va uran eksport qilishi hamda Ostonaning Ipak yo‘li iqtisodiy makoni loyihasida ishtirokini ko‘rsatish mumkin. Elchining ta'kidlashicha, Xitoy transchegaraviy daryolarning suvini bo‘lishda Qozog‘iston manfaatlariga zid harakat qilmaydi:

«Bu juda murakkab savol. So‘nggi vaqtlarda siz tarafdan shunday taklif kelib tushdi: suvni bo‘lish masalasiga daryo suvlaridan tashqari, yerosti suvlarini ham qo‘shish. Yer osti suvlariga doir masalani o‘rganib chiqamiz. Biz ikki do‘stona va qo‘shni davlatlar o‘rtasida bu kabi muammolarni doim tartibga solish mumkin, deb hisoblaymiz. Xitoy rahbariyati sizning rahbariyatingizga hech qachon Qozog‘iston manfaatlariga daxl qilmaslik haqida va'da bergan», — deya ishontirdi Xitoyning Qozog‘istondagi elchisi.

Uchinchi muhim savol Qozog‘istondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoyga eksport qilish masalasiga bag‘ishlandi.

Un va o‘simlik yog‘ini Xitoyga eksport qilishni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Sharqiy Qozog‘istondagi laboratoriyada sertifikatlashtiriladi.

«Biz Sharqiy Qozog‘iston viloyati hududida laboratoriya ochish imkoniyatini o‘rganmoqdamiz. Xitoylik sarmoyadorlarni bu ishga jalb qilib, aynan ularning hisobidan xalqaro laboratoriya tashkil etilishiga erishmoqchimiz. Ayni paytda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida hamkorligimiz tobora mustahkamlanmoqda. O‘tgan yili Qozog‘istondan Xitoyga g‘alla eksporti 180 barobarga ortdi. Bu yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 30 foizga o‘sgan. Bu juda yaxshi tendensiya. Xitoy bozori Qozog‘iston uchun doimo ochiq. Endi biz standartlarni ma'qullab olishimiz kerak. Albatta, ishlab chiqarayotgan mahsulotlar Xitoy standartlariga mos kelishi uchun bu ishda biz qozog‘istonlik tadbirkorlarga yordam qo‘lini cho‘zamiz. Mana shu bazada bizning va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi standartlarini umumlashtirishni istaymiz, chunki bu juda muhim», — deya qo‘shimcha qildi elchi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid