Jamiyat | 14:50 / 27.05.2017
9667
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon va Farg‘onada firibgarlar jazoga tortildi

Foto: Fotolia

Qo‘qonlik A.Hoshim (ismlar o‘zgartirilgan) 2015-2016 yillar davomida ko‘plab fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni tuzog‘iga ilintirgan, sarson-sargardon qilgan ustomonlardan biridir, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Kunlarning birida A.Hoshim tanishi A.Abdusattor bilan uchrashib, unga markaziy o‘yingoh oldida o‘ziga tegishli savdo do‘koni borligini, uni sotmoqchi ekanini aytadi. Ular shu yerda o‘zaro kelishuvga erishadilar. Unga ko‘ra, Hoshim do‘konni bir oy muddat ichida Abdusattorning nomiga rasmiylashtirib berishga va'da beradi. Uni ishontirish uchun shu yerning o‘zida tilxat ham yozib beradi. Abdusattor esa uning va'dasiga ishonib, 30 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni firibgarning qo‘liga tutqazadi. Ammo Hoshim bergan va'dasini tezda unutadi. Qo‘lga kiritilgan pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuraverdi.

Olib borilgan tergov va surishtiruv ishlari davomida oydinlashdiki, A.Hoshimdan jabr ko‘rgan, uning aldoviga uchgan faqat A.Abdusattor emas ekan. U yana bir qancha fuqarolarni ana shunday usulda aldab, juda ko‘p miqdordagi pul va tovar-moddiy boyliklarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi ma'lum bo‘ldi.

Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi D.Hamdam ham firib borasida A.Hoshimdan qolishmadi. U to‘qigan firib tuzog‘iga ham bir necha sodda fuqarolar ilinib, jabr chekdilar. U o‘zining jinoiy sheriklari bilan oldindan til biriktirib, o‘ndan ziyod fuqaroning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi. Mo‘may pul ishlash ilinjidagi D.Hamdam boshchiligidagi bu ustomon yigitlar “Farg‘ona shahrida 19 dan ortiq chet el davlatlari bilan hamkorlikda, Yevropa va Osiyo davlatlarida o‘qish uchun konsultatsiya markazi ish boshladi. Siz xohlagan davlatingizda istagan o‘qishingizni tanlang va grant yoki kontrakt asosida o‘qishga joylashing” degan e'lon matnini tayyorlab, shaharning turli joylariga yopishtirib chiqishdi. Odamlarni ishontirish uchun “xizmatlar litsenziyalangan” degan jumlani qo‘shib qo‘yishni ham unutishmadi. Bunga ishonib birin-ketin murojaat qiladiganlar ko‘paydi. Xorijda o‘qiyman degan ko‘plab fuqarolar ko‘p miqdordagi pullarini o‘z ixtiyorlari bilan unga tutqazishdi. Ammo afsuski, ularning birortasiga chet elda o‘qish nasib qilmadi. Barchasi firibgarning “qurboni”ga aylandi.

Yuqoridagi har ikki ustomonning qilmishiga chek qo‘yildi. Ularning barcha jinoiy xatti-harakatlari sudda ko‘rib chiqilib, jazo muqarrarligi ta'minlandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid