O‘zbekiston | 07:32 / 27.05.2017
10580
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya harbiy-texnik hamkorlik kelishuvini ratifikatsiyalash yorliqlari bilan almashishdi

O‘zbekiston va Rossiya harbiy-texnik hamkorlik kelishuvini ratifikatsiyalash haqidagi yorliqlar bilan almashishdi.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev yorliqlar bilan Moskvada almashishdi. Uchrashuv davomida Shoygu Rossiya O‘zbekiston bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini ta'kidlab o‘tdi.  

Shoyguning aytishicha, O‘zbekiston va Rossiya ratifikatsiyalash yorliqlari bilan almashib, ikki davlat qurolli kuchlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash sari yana bir qadam tashladilar. Uning fikricha, bu mintaqada xavfsizlikni ta'minlashga xizmat qiladi.   

O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev Rossiya-O‘zbekiston harbiy-texnik hamkorligining muvaffaqiyatli ekanini ta'kidlab o‘tdi. U rossiyalik hamkasbini O‘zbekistonga taklif qildi.     

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya 2016 yil 29 noyabrda Moskvada Harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqidagi kelishuvni va 2017 yil uchun mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning rejasini imzolashgan. 

Kelishuvlardan maqsad harbiy-texnik sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish hisoblanadi. 

Kelishuvlar doirasida tomonlar harbiy maqsaddagi mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni amalga oshirishlari mumkin. Bunday mahsulotlar sirasiga harbiy texnika, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari va harbiy-texnik sohasidagi axborotlar kiradi.

Shuningdek, tomonlar harbiy texnika va qurol-aslahalarni ta'mirlash bo‘yicha ishlarni bajarmoqchilar va harbiy-texnik yordam ko‘rsatmoqchilar.  

O‘zbekiston va Rossiya harbiy maqsaddagi mahsulotni yaratish, ishlab chiqarish, ta'mirlash, modernizatsiyalash va utillashtirish bo‘yicha qo‘shma korxonalar yaratishlari mumkin.   

O‘zbekiston kelishuvni mart  oyida, Rossiya esa aprelda ratifikatsiya qilgandi.

Mavzuga oid