Jamiyat | 23:46 / 29.05.2017
18095
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi axloq-tuzatish koloniyasi otryadi boshlig‘i pora olayotganda ushlandi

O‘zbekistonda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha samarali huquqiy tizimni shakllantirish davom etmoqda. Bunda asosiy rol Ichki ishlar vazirligining jazolarni ijro etish idoralariga ajratilgan. 

Oxirgi yilning o‘zida O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari tizimini takomillashtirish, uning, birinchi navbatda, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta'minlashi kerak bo‘lgan quyi bo‘g‘inlarini rivojlantirish va mustahkamlash, bevosita axloq-tuzatish muassasalarida qoidabuzarlikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha katta ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Ko‘rilgan choralar ichki ishlar idoralari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning tinch va osoyishta turmushini ta'minlash, mamlakatda jinoyatchilik darajasi o‘sishining oldini olishga imkon berdi.

Biroq shunga qaramay, huquq-tartibot idoralarida o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanishdan xazar qilmaydigan ba'zi kimsalar hali ham qolmoqda. Xususan, yaqinda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va huquq-tartibot idoralari xodimlari birgalikda Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasining 52-sonli jazoni o‘tash koloniyasi otryadi boshlig‘i Sherzod Sultonovni 1,2 ming dollar miqdorda pora olayotganda qo‘lga tushirdilar.

Sultonov bu pullarni mahbuslardan birini yengilroq ishga o‘tkazish va uni kelgusida amnistiya qo‘llanadigan mahbuslar ro‘yxatiga kiritish uchun mahbusning qarindoshidan talab qilgan. 

Ayni vaqtda Bosh prokuratura huzuridagi departament Sultonovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ushbu qonunbuzarlik holati bo‘yicha tergov olib borilmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid