O‘zbekiston | 19:09 / 29.05.2017
7342
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztadbirkoreksport» AJ «O‘ztreyd»ga aylantirildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 25 may kuni «O‘ztadbirkoreksport» AJ faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, «O‘ztadbirkoreksport» AJ «O‘ztreyd» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi etib nomlandi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘ztadbirkoreksport» AJ 2015 yilning dekabrida tashkil etilgan. Kompaniya kichik va xususiy biznes sub'yektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklariga o‘z mahsulotini eksport qilishda ko‘maklashadi.

Xususan, «O‘ztadbirkoreksport» AJ kichik va xususiy biznes sub'yektlariga xaridorlar topish, sertifikatsiyalash va mahsulotni xorijiy xaridor talabiga ko‘ra rasmiylashtirish, bank, bojxona va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda kompleks ko‘mak beradi.

«O‘ztadbirkoreksport» AJ Uztrade elektron savdo maydonchasini rivojlantirish bo‘yicha faol ishlamoqda. Unda mahalliy mahsulotlar, narxi, turi, yetkazib berish shartlari, hamda boshqa xususiyatlari haqida ma'lumot berilgan holda joylashtirib boriladi.

Kompaniya rebrendingi haqidagi qaror kompaniyani xorijda yanada ilgari surish, tashqi bozorlarda kompaniyaning ishonchli va barqaror imidjini yaratish, xorijiy sheriklar doirasini kengaytirish maqsadida qabul qilingan.

O‘zbekiston rahbari «O‘ztreyd» funksiyalarini ham kengaytirdi. Kompaniya endilikda tashqi bozordagi talab va taklifni o‘rganib, shu orqali tayyor raqobatbardosh mahsulotni ishlab chiqarishga buyurtmani joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Kompaniya kichik biznes sub'yektlari bilan hamkorlikda mahsulotni ishlab chiqarish, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi. U shuningdek, kichik biznes sub'yektlariga mahsulotni sertifikatsiyalash, reklama tadbirlarini o‘tkazish, ularning xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etishi, mahsulot eksporti masalalari bo‘yicha axborot va maslahat bilan ta'minlash bilan ham shug‘ullanadi.

«O‘ztreyd» AJ dehqon va fermer xo‘jaliklariga qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotni (yangidan tashqari) eksportga yo‘naltirishda ham ko‘mak beradi.

Uning tarkibiga kiruvchi korxonalar respublika mintaqalaridagi mintaqaviy operator (filial) funksiyasini bajaradi.

«O‘ztreyd» AJ kompaniyaning xorijdagi savdo uylari orqali konsignatsiya sharoitlarida bug‘doy va un eksportiga huquqni oldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid