10:10 / 30.05.2017
15725

Yunusobodda avtoulov o‘g‘risi qo‘lga olindi

Foto: Toshkent shahar IIBB

2017 yilning 25 may kuni taxminan soat 10:45 da, noma'lum shaxs Yunusobod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasida fuqaro Risolat Xidirovaga (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) tegishli bo‘lgan “Kobalt” rusumli avtoulovni olib qochgan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi 2-qismi “g” bandi (transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘irlash) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 

Dastlabki tergov jarayonida, mazkur avtoulov Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasida topilib, unga o‘rnatilgan video kuzatuv moslamasi noma'lum shaxs tomonidan o‘g‘irlab ketilganligi aniqlangan. 

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyat Mirjahon Mirmuxsimovich Mirsaydullayev tomonidan sodir etganligi aniqlanib, undan o‘g‘irlangan video kuzatuv moslamasi daliliy ashyo sifatida olingan. 

Mirsaydullayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, “102” telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar idoralariga murojaat etishi mumkin.

Top