Jamiyat | 19:36 / 01.06.2017
13694
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada o‘quvchi dars vaqtida direktor xonasiga chaqirilib, Nepalga deportatsiya qilindi

Germaniyaning Duysburg shahrida migratsiya xizmati xodimlari gimnaziyada o‘quvchini mamlakatdan deportatsiya qilish uchun olib ketishdi. 14 yoshli o‘quvchi Bivsi Ranaga do‘stlari bilan xayrlashib olishga ruxsat berishdi, so‘ngra ota-onasi bilan Nepalga yo‘l olayotgan samolyotga joylashtirishgan.

Rana dars vaqtida direktor xonasiga chaqirtirilgan, u yerda migratsiya xizmati xodimlari unga vaziyatni tushuntirishgan. O‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchi ko‘z yoshlarini tutib tura olmagan va aslida deportatsiya qilishmoqchi ekanini bilmagan.

30 may kuni qiz oilasi bilan Nepalga uchib ketgan.

Rananing oilasi Germaniyaga 1998 yilda ko‘chib kelgan. Maktab o‘quvchisi Germaniyada tug‘ilib, Osnabryuk shahrida ta'lim olgan 18 yoshli akasi bilan birga katta bo‘lgan. Rananing oilasi Nepaldan ko‘chib kelganida ularga qochqin maqomini berishdan bosh tortishgan. 2013 yilda ularning yashash uchun ruxsatnomasi muddati yakuniga yetgan. Shahar ma'muriyatining qayd etishicha, deportatsiya yuridik nuqtai nazarda qonuniy. 2016 yilda ma'muriy sud Rana ota-onasining qochqin maqomini olish haqidagi murojaatini yana rad etdi.

WAZ.de nashrining qo‘shimcha qilishicha, qiz deportatsiya haqida olti hafta avval xabardor etilishi, shuningdek, maktabdagi darslardan ozod etilishi lozim bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, maktab vaziyatga aralashishni maqsad qilgan, qizning ota-onasi esa Duysburgga qaytib kelish harakatida.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid