Jahon | 01:21 / 01.06.2017
11702
2 daqiqa o‘qiladi

Sayyohlarga Shveytsariyadagi qishloqlardan birini suratga olish taqiqlab qo‘yildi

Shveytsariyadagi Bergyun qishlog‘i ma'muriyati sayyohlarga qishloqni suratga olishni taqiqlab qo‘yishga qaror qildi. Bunga esa qishloqdagi manzaralar juda chiroyliligi sabab bo‘ldi. Bu haqda sayyohlik bo‘yicha mahalliy ofis ma'lum qildi. 

Shveytsariyaning sharqida tog‘lar orasida joylashgan qishloq kengashi bu taqiqlovni kiritish uchun 29 may kuni ovoz bergan. "Ta'tilda olingan va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan chiroyli suratlar ularni tomosha qiluvchilarni o‘sha go‘zal maskanda emasliklari sababli baxtsiz qilishi ilmiy isbotlangan", deb aytildi xabarda. 

Qishloq meri Piter Nikolay sayyohlarni Bergyunga kelib, bu barcha chiroyni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga chorladi. Sayyohlik ofisi qishloq suratlarini ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaridan o‘chirib tashlagan. Bundan buyon qishloqni suratga oladiganlarga 5 yevrolik jarima solinadi.

Qishloqning sayyohlik bo‘yicha direktori Mark-Andrea Barandunning aytishicha, bunday taqiqlov qishloqqa e'tiborni jalb qilishga qaratilgan reklama hiylasi hisoblanadi. Shu bilan birga uning ta'kidlashicha, bu me'yor hazil emas, u chinakamiga mahalliy ma'muriyat tomondan tasdiqlangan. Barandunning ta'kidlashicha, amaliyotda bu "qoidabuzarlik" uchun jarima solish jazosi qo‘llanishi dargumon.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid